“O‘zsanoatqurilishbank” ATB rasmiy munosabati
07.10.2026 14:26
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zsanoatqurilishbank (SQB)ning Andijondagi xizmatlar ofisida kuzatilayotgan navbatlar bo‘yicha murojaatlar mutasaddilar tomonidan o‘rganildi.
Aniqlanishicha, bank kartalarining amal qilish muddati tugayotgani sababli ularni yangilashga ehtiyoj ortgan. Bu ayrim paytlarda ofisga kelayotgan mijozlar oqimining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Navbatlarni kamaytirish va xizmat ko‘rsatishni tezlashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Xususan, Andijondagi ofisda mijozlar oqimi tartibga solinib, kartalar bilan bog‘liq amaliyotlar jadallashtirilmoqda.
Bank mas’ullari murojaat muallifi bilan uchrashib, holat yuzasidan tushuntirish berdi. Mijozning kartani yangilash masalasi belgilangan tartibda hal etildi.
Shuningdek, kartalarni yangilash uchun masofaviy imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Amal qilish muddati tugagan kartani “SQB Mobile” ilovasi orqali ofisga bormasdan qayta rasmiylashtirish mumkin. Bunda xizmat narxiga 50 foiz chegirma qo‘llanadi. Bu mijozning vaqti va mablag‘ini tejaydi.
Bank mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarini takomillashtirish, ofislardagi yuklamani kamaytirish va masofaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi. Bildirilgan murojaat va takliflar xizmat sifatini yaxshilashda inobatga olinadi.

56