
2026-yil 19-avgust kuni O‘zsanoatqurilishbank (SQB)da “Deloitte” kompaniyasining EMEA Equity Capital Markets yo‘nalishi xalqaro ekspertlari ishtirokida aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) jarayonlariga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Mamlakatimizda davlat ishtirokidagi korxonalar va banklarni transformatsiya qilish, zamonaviy korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish hamda xususiylashtirish jarayonlariga tayyorlash iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayonda SQB tizimida boshqaruv va biznes modelini takomillashtirish, xalqaro kapital bozori talablariga moslashish hamda investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Seminar bank xodimlarining xalqaro kapital bozorlari, IPO jarayonining asosiy bosqichlari va listingga tayyorgarlik talablari bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratildi.
Tadbir davomida xalqaro kapital bozorlaridagi joriy tendensiyalar, IPOning strategik jihatlari, bozorni tanlash mezonlari, investorlarning kompaniyalarga qo‘yadigan talablari hamda ommaviy kompaniya maqomiga o‘tish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, korporativ boshqaruv, moliyaviy hisobot va ichki nazorat tizimlarini listing talablariga moslashtirish yuzasidan xalqaro tajriba taqdim etildi.
“Deloitte” ekspertlari IPOga tayyorgarlik faqat aksiyalarni joylashtirish jarayoni bilan cheklanmasligini qayd etdi. Bunda kompaniyaning strategiyasi va investitsiyaviy jozibadorligini asoslash, moliyaviy ma’lumotlarning sifati, korporativ boshqaruv, risk-menejment, ichki nazorat hamda operatsion modelning ommaviy kompaniya talablariga tayyorligi kompleks baholanadi.
Seminarda investorlar e’tibor qaratadigan mezonlar ham alohida muhokama qilindi. Xususan, biznes-rejaning asoslanganligi, moliyaviy natijalar, o‘sish strategiyasi, boshqaruv jamoasining salohiyati, korporativ boshqaruv tizimi va kompaniyaning IPOga tayyorlik darajasi investorlar uchun asosiy omillar qatorida qayd etildi.
Ekspertlar IPO jarayoni rejalashtirish, tayyorgarlik, tranzaksiyani tashkil etish va marketing kabi o‘zaro bog‘liq bosqichlarni qamrab olishini tushuntirdi. Har bir bosqichda tegishli maslahatchilarni jalb qilish, boshqaruv mexanizmlarini shakllantirish, zarur ma’lumotlarni tayyorlash hamda investorlar bilan kommunikatsiyalarni tizimli yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Amaliy seminar SQBning xalqaro kapital bozorlariga chiqish istiqbollarini o‘rganish jarayonida bank jamoasining IPO mexanizmlari va listingga tayyorgarlik talablari bo‘yicha professional bilimlarini kengaytirishga qaratilgan navbatdagi tadbir bo‘ldi.
2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida Bankka yangi ishga qabul qilingan xodimlarning huquqiy ongi va ...
Oʻzsanoatqurilishbankning barcha hududiy BXM va BXO filiallarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbir ...
SQBning joylardagi bank xizmatlari markazlari va bank xizmatlari ofislari xodimlari nafaqat mijozlarga sifa ...

