So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish hamda iqtisodiyotni kam uglerodli va uzoq muddatli rivojlanish modeliga yo‘naltirish ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shu nuqtai nazardan, Global yashil o‘sish instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda iqlim moliyalashtirish sohasidagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan yuqori darajadagi sessiya va amaliy seminar tashkil etildi. Tadbir doirasida bank va moliya institutlari uchun uzoq muddatli moliyalashtirish mexanizmlari, ESG tamoyillarini amaliyotga joriy etish hamda “yashil” bank instrumentlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu jarayonlar doirasida O‘zsanoatqurilishbank (SQB) mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasiga muvofiq ekologik va ijtimoiy mas’uliyat tamoyillariga asoslangan izchil yondashuvni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, o‘tgan davrda 704,3 mln AQSh dollari miqdorida “yashil” kreditlar ajratdi, 7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga hissa qo‘shdi. Shuningdek, “yashil” loyihalar orqali muqobil energiya ishlab chiqarish hajmi oshirilib, elektr energiyasi va suv resurslarini tejash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishildi.
SQBning GGGI bilan hamkorligi iqlim moliyalashtirishda ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish, institusional yondashuvlarni mustahkamlash va samarali moliyaviy mexanizmlarni shakllantirishga qaratilgan strategik sheriklik sifatida ahamiyat kasb etmoqda. 2024-yil aprelida imzolangan memorandum 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari va Parij kelishuvi doirasida hamkorlikni chuqurlashtirishga zamin yaratdi.
Hamkorlik doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining qishloq xo‘jaligi sektori bo‘yicha kompleks tahlil o‘tkazilib, iqlimga moslashgan qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishga qaratilgan moliyaviy model ishlab chiqildi. Ushbu yondashuv suv resurslaridan samarali foydalanish, iqlim xavflariga chidamli ishlab chiqarishni joriy etish hamda fermerlar va kichik biznes subyektlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi ta’siri yuqori bo‘lgan hududlarda aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda mazkur model muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, GGGI ko‘magida bankning barqaror moliyalashtirish konsepsiyasi xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi, ESG talablariga javob beruvchi moliyaviy instrumentlar, jumladan “yashil” obligatsiyalar tashabbuslari ilgari surildi. “Sustainable Fitch” tomonidan berilgan “3” darajali ESG reytingi bank faoliyati shaffofligini oshirish va xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qildi.
Umuman olganda, SQB va GGGI o‘rtasidagi hamkorlik moliyaviy instrumentlar bilan cheklanib qolmasdan, iqlimga mos iqtisodiy yechimlarni joriy etish, aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash va hududlarni barqaror rivojlantirishga qaratilgan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirni ta’minlamoqda.
Global Green Growth Institute (GGGI) – bosh ofisi Janubiy Koreyaning Seul shahrida joylashgan xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 2012-yilda Rio+20 konferensiyasi doirasida ta’sis etilgan. Bugungi kunda institut dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida “yashil” o‘sish va barqaror rivojlanishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Haftaning har jumasi O‘zsanoatqurilishbankning xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida alohida ruh, milliy kayfiyat va an’ ...
Joriy yilning 8-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlardan birida O‘zsanoatqurilishbank (SQB) aksiyadorlar tarkibida o‘zga ...
Milliy libos – qadriyat va iftixor ramzi. Shu bois O‘zsanoatqurilishbank (SQB) tizimida milliy libo ...

