Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga bag’ishlangan ochiq muloqot bo’lib o’tdi
26.05.2026 10:09
Toshkentda O’zsanoatqurilishbank tashabbusi bilan qurilish materiallari sanoati vakillari ishtirokida keng ko’lamli ochiq muloqot o’tkazildi. Tadbirlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirig’iga muvofiq, tadbirkorlar bilan navbatdagi VI ochiq muloqotga tayyorgarlik ko’rish va soha vakillarining murojaatlari hamda takliflarini o’rganish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda “O’zsanoatqurilishbank” va “O’zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rahbariyati, Toshkent shahar hokimligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bosh prokuratura, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O’zbekiston temir yo’llari” AJ hamda Raqobatni rivojlantirish qo’mitasi mas’ullari qatnashdi. Sohada faoliyat yuritayotgan 40 ga yaqin korxonaning 60 dan ortiq vakili ham muloqotga jalb etildi.
Muhokamalar davomida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar o’z faoliyatlarida duch kelayotgan dolzarb masalalarni ochiq bayon etdilar. Ekologik talablar, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va logistika jarayonlari bilan bog’liq tizimli muammolar alohida e’tibor bilan tinglandi; ularni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.
“O’zsanoatqurilishbank” bunday muloqot maydonchalarini yaratish orqali davlat organlari, moliya institutlari va tadbirkorlar o’rtasidagi muloqot ko’prigini mustahkamlashga intiladi. Ochiq suhbat formatida o’tkaziladigan bu uchrashuvlar sohadagi tizimli muammolarni aniqlash va ularga yechim topishning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda.
Mazkur tadbir mahalliy qurilish materiallari sanoati salohiyatini oshirishga, soha raqobatbardoshligini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Davlat organlari va biznes vakillari o’rtasidagi bunday muntazam muloqot iqtisodiyotning ushbu tarmog’ida yangi imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonch bildirildi.

42
Другие новости