Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbank “Euromoney” xalqaro nashrining uchta nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi


17.07.2026 17:49

O‘zsanoatqurilishbank “Euromoney” xalqaro nashrining uchta nufuzli mukofotiga sazovor bo‘ldi

Joriy yilning 16-iyul kuni London shahrida bo‘lib o‘tgan “Euromoney Awards for Excellence 2026” xalqaro tanlovining taqdirlash marosimida O‘zsanoatqurilishbank biryo‘la uchta nufuzli nominatsiya bo‘yicha O‘zbekiston banklari orasida g‘olib deb topildi: “O‘zbekistonning eng yaxshi banki”, “O‘zbekistonning eng yaxshi korporativ banki” hamda “O‘zbekistonning ESG sohasidagi eng yaxshi banki”.

Mazkur mukofotlar SQBning barqaror moliyaviy o‘sishi, korporativ bankingdagi yuqori natijalari, xalqaro kapital bozorlaridagi faol ishtiroki hamda ESG tamoyillarini biznes jarayonlariga samarali tatbiq etayotganining xalqaro darajadagi e’tirofi bo‘ldi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, bankning jami aktivlari 97,2 trln so‘mdan, umumiy kapitali 10,2 trln so‘mdan oshdi. Kredit portfeli 71 trln so‘mni, depozitlar hajmi esa 32,1 trln so‘mni tashkil etdi. Sof foyda 1,5 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 38 foizga o‘sdi.

Korporativ biznes SQB faoliyatining strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hisobot davrida Korporativ markaz orqali yangi mijozlar jalb qilinib, ularga individual yondashuv asosida kompleks moliyaviy yechimlar taklif etildi. Bu esa korporativ mijozlar bazasining kengayishi, kredit portfelining diversifikatsiya qilinishi hamda biznes uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamining yana-da boyishiga xizmat qildi.

Barqaror rivojlanish bank strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hisobot davrida SQBning “yashil” kredit portfeli 654,3 mln AQSh dollariga yetdi. Bank infratuzilmasi EDGE xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi, ekologik menejment tizimi esa ISO 14001 xalqaro standarti talablariga muvofiq deb topildi. Shuningdek, “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan ESG reytingi berilgan O‘zbekistondagi bank sifatida e’tirof etildi.

SQB xalqaro kapital bozorlarida ham o‘z pozitsiyalarini izchil mustahkamlab bormoqda. 2025-yil oktyabr oyida bank birinchi darajali qo‘shimcha kapital obligatsiyalarini (AT1) London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirdi. Mazkur bitim xalqaro investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti va bank-moliya tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Shuningdek, SQB “Franklin Templeton” kompaniyasi boshqaruvidagi O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) tarkibidan o‘rin olgan bank sifatida xalqaro korporativ boshqaruv standartlari asosidagi transformatsiya jarayonlarini davom ettirmoqda. 2026-yil may oyida UzNIF global depozitar tilxatlarini London fond birjasining asosiy bozorida joylashtirib, O‘zbekiston kapital bozorlari rivojida yangi sahifa ochgan xalqaro ommaviy aksiyalar taklifi (IPO)ni amalga oshirdi.

Bugungi kunda mazkur transformatsiya korporativ boshqaruv tizimini yana-da takomillashtirish, operasion samaradorlikni oshirish hamda xalqaro standartlarga muvofiqlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa SQBning investitsiyaviy jozibadorligi, raqobatbardoshligi va xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini yana-da yuksaltirishga mustahkam zamin yaratmoqda.

“Euromoney Awards for Excellence 2026” tanlovida qo‘lga kiritilgan ushbu natija SQBning mamlakat yetakchi moliya institutlaridan biri sifatidagi mavqei, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, barqaror rivojlanish va xalqaro moliya bozorlariga integratsiyalashuv borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro ekspertlar tomonidan munosib baholanganini yana bir bor tasdiqladi.

Ma’lumot uchun: “Euromoney Awards for Excellence” – bank va moliya institutlari uchun ta’sis etilgan xalqaro moliya sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Tanlov g‘oliblari moliyaviy natijalar, biznes modelining samaradorligi, korporativ boshqaruv sifati, innovasion rivojlanish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasi hamda moliya sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi asosida har tomonlama baholanadi.






Другие новости

15.07.2026 09:20:20
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB rasmiy munosabati

Ijtimoiy tarmoqlardan birida kredit qarzdorligi yuzasidan murojaat e’lon qilgan fuqaro S.A.ning chiqishi yuzasidan quyid ...

06.07.2026 15:20:28
Davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida muhim o‘zgarishlar

2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda davlat ijtimoiy sug‘urtasi tizimida yangi tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, kas ...

02.07.2026 15:45:33
Tadbirkorlar bilan muloqot - rivojlanish sari muhim qadam

Mamlakatimizda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish h ...


Дата последнего обновления: 17.07.2026 17:53  
up
logo
DEMO
close
Давайте поговорим!
close
send