Davlat dasturlari ijrosi

Qurilish materiallari tarmog‘ida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish rag‘batlantirilmoqda


13.12.2024 11:22

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan qurilish materiallari sanoatidagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi sifatida tarmoq rivojiga oid keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, muassasa ko‘magida qator yirik loyihalarning tadbiq etilishi natijasida mamlakatimizda jahon standartlari darajasida yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarilishiga erishilmoqda. Andijon viloyatida avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarish loyihasi shular sirasiga kiradi.

So‘nggi yillarda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganligi natijasida tarmoq mamlakat iqtisodiyotining asosiy “drayver”iga aylandi.

Xususan, 2017-2024-yillar mobaynida qurilish materiallari sohasiga 9 mlrd. AQSH dollari miqdorida investitsiyalar kiritildi. Pirovardida, 5 mingga yaqin yangi korxonalar foydalanishga topshirildi, yillik aylanmasi 100 mlrd. so‘mdan ziyod bo‘lgan korxonalar soni 150 tadan oshdi, tarmoqda ishlab chiqarish 2 karra o‘sdi, 94 mingdan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratildi.

Joriy yilning 23-sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohada yangi tizim va tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib talabgir qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zsanoatqurilishbankning moliyaviy ko‘magida qator yirik loyihalar tadbiq etilmoqda. Xususan, “sanoat ipotekasi” dasturiga asosan bugungi kunda qiymati 170 mln. dollarlik 7 ta energiya tejamkor yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Bular Jizzax viloyatida “STONE LIDER”, Xorazm viloyatida “Arton Urgench Invest”, Navoiy viloyati “Arton Navoi-Invest”, Surxondaryo viloyatida “Surxon Sendvich”, Xorazm viloyatida “Geoteks Productions”, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Qoraqalpoq Basaltwool” hamda Andijon viloyatidagi “Arton Vodiy Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi korxonalarga tegishli loyihalar sanaladi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish hisobiga zamonaviy avtoklavlangan gazobeton, fibrosement panel, geotekstil va bazalt kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, jami 1150 ta ish o‘rni yaratiladi.

Birgina Andijon viloyatida “ARTON” korxonasini ishga tushirish hisobiga yiliga 500 ming kub metr avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarishga erishiladi, mahalliy aholining 200 dan ziyodi ish bilan ta’minlanadi. Zavodning qulay hududda joylashuvi esa, mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga ham eksport qilish imkonini beradi.

Umumiy hajmi 20 mln. dollarga teng bo‘lgan loyiha O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “sanoat ipotekasi” dasturi asosida moliyalashtirilmoqda. Jumladan, unga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzuridagi Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari ham jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Zavodga Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasiga tegishli zamonaviy energiya tejovchi uskunalar keltirib o‘rnatiladi.

E’tiborli jihati, mahsulotlar ishlab chiqarishda to‘liq mahalliy xom ashyodan foydalaniladi. Kvars qumi, ohak, gips, sement shular jumlasidandir.

Qayd etish joiz, avtoklavlangan gazobeton zamonaviy qurilishda muhim vositalardan biri bo‘lib, u bino va inshootlar qurilishidagi sarf-xarajatni kamaytirish, qurilish ishlari tezligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu mahsulot qishda issiq, yozda esa salqin haroratni saqlash xususiyatiga egaligi bois elektr energiyasi sarfini 20 foizgacha tejaydi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, “sanoat ipotekasi” davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Shu maqsadda mutasaddilar oldiga ishlab chiqarish bino-inshootlari va infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga tadbirkorlarga loyihalarni “tayyor biznes” shaklida topshirish vazifasi qo‘yildi. Bunda biznesni rivojlantirishda ilg‘or mexanizmlarni qo‘llash, soha subyektlariga har tomonlama qulayliklar yaratish va shu orqali mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash ko‘zda tutildi.

Unga ko‘ra, O‘zsanoatqurilishbank va uning huzuridagi “SQB Capital” investitsiya kompaniyasi tomonidan ishbilarmon doira vakillari uchun loyihalarni “tayyor biznes” shaklida topshirish mexanizmi joriy qilindi. Bugungi kunga qadar ushbu dastur asosida qator loyihalar ishga tushirilib, tadbirkorlik faoliyatini faol rag‘batlantirishga erishilmoqda.

Bu borada davlatimiz rahbarining 2023-yil 18-dekabrdagi “Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining shu yil 10-yanvardagi “Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

Ushbu hujjatlar asosida bank tomonidan loyiha tashabbuskorlariga “sanoat ipotekasi” dasturi doirasida 10 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan kredit mablag‘lari ajratib kelinmoqda.

Bank Axborot xizmati

 






Last updated date: 13.12.2024 11:23  
close
Давайте поговорим!
close
Здравствуйте!
Чем могу помочь?
headphone
arrow-left
Недавние чаты
close
История
FAQ
Сегодня
  • Автокредит
  • Автокредит
  • Автокредит
Сегодня
  • Автокредит
  • Автокредит
  • Автокредит
Сегодня
  • Автокредит
  • Автокредит
  • Автокредит
  • Автокредит
  • Автокредит
logo