Aholi daromadini oshirish, bandlikni kengaytirish va har bir oila uchun munosib turmush sharoiti yaratish davlat islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz raisligida o‘tgan yil 16-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu masalalarga alohida to‘xtalib, aniq vazifalar belgilab berildi.
– Mazkur topshiriqlar ijrosi tizimli va izchil amalga oshirilmoqda, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Abdurahmonov. – Asosiy maqsadimiz har bir xonadonda kamida bitta barqaror daromad manbaini ta’minlash. Amalga oshirilayotgan ishlar natijasida esa nafaqat ishsiz aholi ish bilan ta’minlanmoqda, balki mahallalarda tatbiq etilayotgan loyihalar orqali minglab insonlar doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lib, oilalarning turmush darajasi sezilarli tarzda yaxshilanmoqda.
Bank 2025-yil davomida 442,4 ming aholini daromadli mehnatga jalb qilishni rejalashtirgan. Joriy yil yanvar-iyul oylarida esa rejadan yuqori natija qayd etildi. Xususan, mehnat.uz platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning 1-avgust holatiga ko‘ra, 200,9 ming kishi o‘rniga 228,6 ming fuqaro ish bilan ta’minlandi. Shu davrda 82,2 ming doimiy ish o‘rni yaratildi, 146,4 ming kishi tadbirkorlik faoliyatini boshladi.
Mikroloyihalar – mahallalarda yangi imkoniyatlar
“Sayxunobod tajribasi” asosidagi mikroloyihalar mahallalarda yangi iqtisodiy muhitni shakllantirdi. Shu yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, 21 785 ta loyiha amalga oshirilib, 45 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi.
Jumladan, Jizzax shahri Bobur nomli mahallada istiqomat qiluvchi Shoxsanam Ahmedova ham “Biznesga birinchi qadam” dasturi doirasida 15 mln so‘m hajmida kredit olib, oyiga o‘rtacha 650 kilogramlik qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Hozirda tadbirkor o‘z mahsulotlarini o‘rtacha
25 ming so‘mdan sotish orqali oyiga 16,2 mln so‘mlik tushumga, xarajatlarni chegirganda esa oylik 7,5 mln so‘m (yillik taxminan 90 mln so‘m) sof foydaga ega bo‘lmoqda.
Kichik biznes – katta imkoniyat
Kichik va o‘rta biznes sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 6,7 trln so‘m miqdorda kredit ajratildi. Yangilangan kredit mahsulotlari – “Biznesga omad 2”, “Biznesga birinchi qadam”, “Mahalla tadbirkori”, “Tezkor 2” minglab insonlarni tadbirkorlikka chorlab, mavjud bizneslarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Xususan, Samarqand shahridagi “Zarshed baraka servis” oilaviy korxonasi shunday imkoniyatdan foydalanib, “mahalla loyihasi” doirasida 100 mln so‘m kredit oldi. 5 nafar fuqaroni ishga jalb qilib, qurt mahsulotini tayyorlash va qadoqlashni tashkil etdi. Hozirda tadbirkor bir kunda o‘rtacha 2,0 ming dona qurt qadoqlab, xarajatlardan tashqari kunlik 1,1 mln so‘m sof daromad olmoqda.
Shuningdek, “Uychi tajribasi” asosida o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida esa Yangi Namangan tumanidagi “Kadeer parts industry” MChJga avtomobil chiroqlari ishlab chiqarish loyihasi uchun 500 ming AQSh dollari hajmida kredit ajratildi. Pirovardida, korxona ishchilari soni 183 nafarga yetkazildi, qo‘shimcha quvvatlar mahsulot turi va hajmini kengaytirishga zamin yaratdi.
“Har bir xonadon – bank mijozi”
Mazkur tamoyil aholini moliyaviy tizimga keng jalb qilish, shaxsiy moliyaviy intizom va imkoniyatlarni oshirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilning 1-sentyabr holatiga ko‘ra, 64 mingdan ziyod fuqaroga bank hisobvaraqlari ochilgani bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.
Bundan tashqari, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili bo‘yicha mahsulot yetishtirish, kooperativlar tashkil etish va mahallalarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslari ko‘plab oilalar daromadini barqarorlashtirmoqda.
Shu doirada Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumani “Kiyet” mahallasida bankning moliyaviy ko‘magida namunaviy loyiha amalga oshirilmoqda.
Unga ko‘ra 15 gektar yer maydoni 15 nafar fuqaroga taqsimlandi. Eksportyor “Kungrat Lestorg” mas’uliyati cheklangan jamiyati agregator sifatida belgilanib, aholi bilan fyuchers shartnomalari tuzildi.
Agregator va aholi hissasi bilan tashkil etilgan umumiy qiymati 520 mln so‘mlik loyihada kam ta’minlanganlar va yoshlar ustuvor ravishda qamrab olingan.
Natijada yil oxirigacha 240 tonna brokkoli yetishtirilib, mahsulotning 180 tonnasi eksportga yo‘naltiriladi. Bunda har bir yer egasi o‘rtacha 132 mln so‘m daromadga ega bo‘ladi.
Muxtasar qilib aytganda, O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy inklyuziyani kengaytirish orqali nafaqat bandlik darajasini oshirmoqda, balki minglab oilalarni biznesga jalb qilib, jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni kuchaytirish, aholi turmush darajasini yaxshilash va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bankning tashqi aloqalarni
muvofiqlashtirish xizmati
Ushbu tashabbuslar Prezidentimiz boshchiligida aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar ...
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Beruniy-agro star” hamda Andijon viloyatidagi “Asaka a ...
Hurmatli tadbirkorlar! Yurtimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy sanoatim ...

