All Credits
Joriy yilning 18-iyul kuni Londonda “Euromoney” xalqaro jurnali tomonidan “Bank va moliya sektori 2024” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zsanoatqurilishbank uch yo‘nalishda, jumladan, “O‘zbekistonning eng yaxshi banki”, “Ekologik, ijtimoiy va korporativ sohalardagi eng yaxshi bank” (ESG), shuningdek, “O‘zbekistonning eng yaxshi korporativ banki” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
“Euromoney” tahlilchilari ta’kidlaganidek, O‘zsanoatqurilishbank faoliyatini transformatsiya qilish natijasida so‘nggi besh yil ichida bank ko‘rsatkichlari bir necha barobarga o‘sdi. Chakana biznes bilan bir qatorda kichik va o‘rta biznes segmentlarini rivojlantirishga, xususan, yangi mahsulotlarni joriy qilish, Joyda mobil ilovasi jozibadorligini oshirish va bankdagi barcha biznes jarayonlarni raqamlashtirishga katta e’tibor qaratildi.
Korporativ mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida yangi mexanizm yaratildi. Bankning bosh ofisida alohida tarkibiy bo‘linma tashkil etildi, har bir korporativ mijozga xizmat ko‘rsatuvchi mas’ul menejer jalb qilindi, mijozlar bilan bevosita va doimiy muloqot yo‘lga qo‘yildi.
Taqdirlash marosimida bank tomonidan ESG loyihalarini moliyalashtirish sezilarli darajada kengayayotgani, mamlakatda ijtimoiy, ekologik va korporativ barqarorlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi oshayotgani alohida ta’kidlandi.
Qayd etish lozimki, 2023-yilda bankning “yashil” kredit portfeli o‘tgan yilga nisbatan 79 foizga oshgan va ayni paytda bu ko‘rsatkich 580 million dollarni tashkil qiladi.
2023-yilda O‘zbekiston tarixida birinchi bor O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “yashil” yevroobligatsiyalar emissiya qilindi.
Aytish joizki, “Euromoney” dunyoning bank, moliya va investitsiya sohalariga ixtisoslashgan yetakchi nashrlaridan biridir. Jurnal ushbu sohalardagi kompaniyalar faoliyatining ahamiyati va ta’sirini xolisona baholash hamda reytinglash tizimi bilan moliya va media bozorida o‘z nufuzini saqlab kelmoqda.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...