Davlat dasturlari ijrosi

Bankning Fargʻona iqtisodiyotini yuksaltirishdagi oʻrni va roli


07.12.2022 15:48

Oʻzsanoatqurilishbank hududlarda ishlab chiqarishni kengaytirish, xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish, bandlikni taʼminlash va shu orqali aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Joriy yilning oʻtgan davrida birgina Fargʻona viloyatida 874ga yaqin loyihalar ishga tushirilib, 23 mingdan ziyod ish oʻrni yaratilgani fikrimizga dalil boʻla oladi.    

2021-yil 5-fevralda Xalq deputatlari Fargʻona viloyati kengashining sessiyasida Prezidentimiz tomonidan aholini ish bilan taʼminlash va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilandi.

Viloyatda 2021-2022-yillarda umumiy qiymati 17 trln. soʻmlik 949 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi taʼkidlandi. Bunda kimyo, toʻqimachilik, charm-poyabzal, qurilish materiallari, elektrotexnika sanoati “drayver” boʻladi, deya qayd etildi.

Mazkur manzilli investitsiya loyihalarning bir nechtasi Oʻzsanoatqurilishbankning Fargʻona mintaqaviy bank xizmatlari ofisi bilan hamkorlikda tatbiq etilmoqda.

Xususan, polietilen va polipropilen quvurlar ishlab chiqaruvchi “Mega polimer” masʼuliyati cheklangan jamiyatining oʻz faoliyatini kengaytirishga qaratilgan 2ta loyihasi bank koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda oʻtgan yili xorijiy kredit liniyasi hisobidan 1,0 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratildi. Ushbu mablagʻga Xitoydan ilgʻor texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. 25 ta ish oʻrni yaratildi. “Mega polimer” brendi ostida oyiga 240 ming metr plastmassa plitalar, tasmalar, quvurlar va profillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Joriy yilda jamiyat tomonidan yangi ishlab chiqarish korxonasini tashkil etilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 4 807,0 ming dollarga teng boʻlib, uning 4 mln. 86 ming dollari bank tomonidan xorijiy kredit liniyasi hisobidan ajratildi.

Yangi “Mega Star Invest Plast” korxonasi toʻla quvvatda ishga tushsa, 50 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratilishi hamda yiliga 870 ming metr polietilen va polipropilen quvurlar ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan.

Oʻzsanoatqurilishbankning Fargʻona mintaqaviy bank xizmatlari ofisi tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalarning koʻlami keng, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari qamrab olingan.

Xususan, bank ofisining kredit portfelida neft-gaz, toʻqimachilik, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi kabi tarmoqlar oʻrin olgan. Joriy yilning 1-dekabr holatiga koʻra esa, ushbu tarmoqlarga ajratilgan kreditlar 2 058,91 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Shundan 1 956,9 mlrd. soʻmi xoʻjalik subyektlari va tadbirkorlarga xorijiy kredit liniyalar hisobidan jalb qilingan. Natijada 967 ta ishni oʻrni barpo etilgan.

Tizimda amalga oshirilgan transformatsiya natijasida bank ofisida koʻplab tartib-qoidalar soddalashtirilgan, hujjatlarni rasmiylashtirish qisqartirilgan, yirik korxonalardan iborat korporativ mijozlar uchun alohida, tadbirkorlik subyektlari uchun alohida xizmatlar paketi ishlab chiqilgan. Mijozlarga mijozbay xizmat koʻrsatish maqsadida biznes menejer va universal servis menejerlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Pirovardida, bank tizimida kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga oʻsdi, mijozlar doirasi 1,5 baravarga kengaydi.

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning

Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi

Qodirjon Erkaboyev.

 

 

 

 

 

 





Другие новости


Дата последнего обновления: 07.12.2022 15:48  
up