Davlat dasturlari ijrosi

Oʻzbekiston qurilish materiallari bozoriga qiziqish ortmoqda


07.10.2023 17:00

Poytaxtimizdagi «Oʻzekspomarkaz» milliy koʻrgazmalar markazida “Aquatherm Tashkent 2023» XI xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Qurilish sohasida “Aquatherm Tashkent” Oʻzbekistonda “UzBuild” koʻrgazmasidan keyingi ikkinchi yirik tadbir hisoblanadi. 
Joriy yilda koʻrgazmada ilk marotaba 10dan ziyod mamlakatdan 150dan ortiq kompaniyalar qatnashdi. Germaniya, Italiya, Koreya, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Oʻzbekiston shular jumlasidandir.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida soʻz olganlar mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqarish jadal rivojlanayotganini va barcha ishlab chiqaruvchilar ushbu jarayonga munosib hissa qoʻshayotganini taʼkidlashdi. Yildan-yilga ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilar sonining ortayotganini esa, xorijiy soha vakillarining Oʻzbekiston qurilish materiallari bozoriga qiziqishi kuchayib borayotgani bilan izohlandi. 
Bu yilgi koʻrgazma ekspozitsiyasida maishiy santexnikadan tortib havoni konditsionerlash tizimlari, “yashil” energiyaga asoslangan texnologik uskunalarning eng soʻnggi ishlanmalari namoyish etildi.
Rossiya davlatining jamoaviy stendlarida keng turdagi quvurlar, quvur armaturalari, poʻlat va jez sharli kranlar, trubkasimon elektr isitgichlar va boshqalar oʻrin oldi.
Xitoy Xalq Respublikasi eksponentlarining tarkibida esa 60ga yaqin kompaniya isitish va suv tizimlari, suv nasoslari, suv, gaz va yogʻ taʼminotlari, isitish va sovutish tizimlari uchun quvurlar, alyuminiy radiatorlar, sovutish moslamalari, freonlar, suv hisoblagichlari, kondensatorlar va koʻplab boshqa materiallar taqdim etildi.
Koʻrgazmada 20dan ziyod mahalliy korxonalar qatnashib, ular tomonidan tashrif buyuruvchilarga turli xil nasos uskunalari, mis quvurlar, issiq suv va bugʻ qozonlari, poʻlat trubkasimon radiatorlar, iqlim hosil qilish tizimlari, santexnika va boshqalar tanishtirildi.




Другие новости


Дата последнего обновления: 12.10.2023 17:02  
up