Davlat dasturlari ijrosi

Oʼzsanoatqurilishbank: qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 995 million dollarlik loyihalar moliyalashtirildi


25.07.2022

Oʼzsanoatqurilishbank: qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 995 million dollarlik loyihalar moliyalashtirildi

Qurilish materiallari sanoatining innovatsion salohiyatini oshirishga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojining muhim omili sifatida qaralayotgani katta natijalarga omil boʻlmoqda. Bu borada masʼul muassasalardan biri boʻlgan Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarmida qiymati 995 mln. dollarlik 181 ta loyiha moliyalashtirilib, 87 ta loyiha ishga tushirildi.

Prezidentimizning 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasini yangi bosqichga koʻtarishning barcha tashkiliy-amaliy mexanizmlari belgilab berildi.

Korxonalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kuchaytirishga qaratilgan boshqaruv tizimi va manzilli strategiya ishlab chiqildi.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan mazkur farmon asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, 14,4 trln. soʻmlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, oʻtgan yilga nisbatan 1,9 trln. soʻmga oshdi. Shundan 459 mlrd. soʻmlik mahsulot mahalliylashtirish dasturi doirasida isteʼmolchilarga yetkazib berildi, shu yilga moʻljallangan tarmoqni rivojlantirish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlar ortigʻi bilan bajarildi. Bunda 560 mln. dollar hajmida xorijiy va mahalliy investitsiyalarning oʻzlashtirilganligi alohida ahamiyatga egadir.

Taʼkidlash joiz, 2022-yilda sohada 1,8 mlrd dollarlik (shu jumladan, loyiha tashabbuskorlarining oʻz mablagʻlari – 642 mln. doll., bank krediti – 473 mln. doll., xorijiy investitsiyalar – 708 mln. doll.) 420 ta investitsiya loyihani amalga oshirish, tarmoq korxonalari tomonidan 27,6 trln. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish va shu orqali 15 533 ta yangi ish oʻrni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shunga binoan bugungi kunga qadar tijorat banklari bilan birgalikda qiymati 995 mln. dollarlik (oʻz mablagʻlari – 403 mln. doll., bank krediti – 422 mln. doll., xorijiy investitsiyalar – 170 mln. doll.) 181 ta loyiha moliyalashtirilib, 87 ta loyiha ishga tushirildi.

Jumladan, Andijon viloyatida ish boshlagan “Vodiy plast pro” MCHJning qiymati 3 mln. dollar boʻlgan yillik quvvati 50 ming metrlik truba mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan moliyalashtirilgan boʻlsa, shu hududda 200 ta yangi ish oʻrnini tashkil etgan “Gsr building materials” MCHJning qiymati 50 mln. dollarlik loyihasi (yillik quvvati 1 mln tonnalik sement ishlab chiqarish) Xalq bankining moliyaviy madadi bilan ishga tushirildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidagi “Qarshi Conch Cement” xususiy korxonasining qiymati 150 mln. dollarlik yillik quvvati 1,2 mln. tonnaga teng sement ishlab chiqarish loyihasi ham istiqbolli loyihalar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlandi.

Yil yakuniga qadar banklar tomonidan yana 46 ta loyihaga 43,7 mln. dollar miqdorida kreditlar ajratilishi moʻljallangan. Bunda loyihalar mazmuni asosan sement ( 17,6 mln tonna), qurilish oynasi (32 mln. kv metr), keramik plitkalar (24 mln. kv metr), gipsokarton (73 mln. kv metr), gulqozoz (3 mln. oʻram) va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladi.

Sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, tarmoq korxonalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash, mahalliy xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish kabi tizimli islohotlar qurilish materiallari sanoatida eksport-import amaliyotlarining ham rivojiga hissa qoʻshmoqda.

Xususan, joriy yilning birinchi yarmida tarmoqda mahsulotlar va xizmatlar eksporti hajmi 267 mln. dollarni tashkil etib, belgilangan reja koʻrsatkichi 114,7 foizga bajarildi. Bu koʻrsatkich qurilish materiallarini xorij bozoriga olib chiqish oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 118,2 mln. dollar yoki 1,8 barobarga oshganligini bildiradi.

Shuningdek, 277 mln. dollarlik qurilish materiallari import qilinib, mazkur amaliyotlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 14,5 mln. dollarga kamaygan.

Maʼlumki davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmoni bilan mamlakatimizning noruda minerallar xomashyo bazasini oʻzlashtirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish maqsadida 24 ta tuman (shahar)ni qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish, ushbu hududlarda zarur yer uchastkalarini ajratgan holda qurilish materiallarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish maqsadida kichik sanoat zonalari tashkil etish belgilangan.

Bugungi kunda ixtisoslashtirilgan tumanlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qiymati 150,9 mln. dollarlik (shundan bank krediti 89,6 mln.doll.) 58 ta loyihaning roʻyxati shakllantirildi.

Sariosiyo tumanida kichik sanoat zonasini tashkil etish boʻyicha dastlabki qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Joriy yil yakuniga qadar qolgan 7 ta tumanda hududiy hokimliklari bilan birgalikda industrial zonalar tashkil etish ishlari davom ettiriladi.

Ayni paytda qurilish materiallari sohasini rivojlantirishdagi saʼy-harakatlar “Tadbirkorlar maktabi” faoliyati misolida ham qizgʻin tus olgan.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu markazda tinglovchilar malakasini baholash hamda milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etilgan.

Turkiyaning Maltepe universiteti bilan birgalikda yiliga 400 nafar soha vakilini oʻqitish belgilab olingan.

Markazda oʻtgan oʻquv mavsumlarida jami 140ga yaqin keng jamoatchilik vakillari oʻz bilim va malakalarini oshirib, maxsus sertifikatga ega boʻldi.

Hozirda “Tadbirkorlar maktabi”da sakkizinchi mavsum uchun qabul eʼlon qilingan.

 

F.Abdurahmonov,

"Oʻzsanoatqurilishbank" ATB

Boshqaruv raisi oʻrinbosari.





Другие новости

03.04.2024 16:24:30
Tadbirkorlar bilan manfaatli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati tomonidan joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu kunlarda ana ...

06.03.2024 14:17:11
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

15.02.2024 18:13:24
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...


Дата последнего обновления: 25.07.2022 09:36  
up