Davlat dasturlari ijrosi

Tadbirkorlar bilan uchrashuv samarali kechmoqda


12.06.2023 15:55

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Buxoro viloyatida tadbirkorlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda sohani rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan yangi meyoriy hujjatlar, imtiyoz va preferensiyalar hamda ular asosida joriy etilayotgan bank xizmat va mahsulotlari haqida atroflicha tushuncha berildi.

Xususan, Prezidentimiznig 2022-yil 23-dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Bank tizimida zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar uchun kreditlar hamda bank kafolatlarini revolver tarzda berish imkoniyati yaratilganligi maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, hujjatda kechiktirib toʻlash sharti bilan sotilgan qimmatbaho metallar uchun toʻlov majburiyatlari barcha banklarning kafolatlari, shuningdek, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining kafilligi bilan taʼminlanishi, toʻlov majburiyatlarini taʼminlash maqsadida beriladigan bank kafolati zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham taqdim etilishi belgilangan.

Uchrashuvda tadbirkorlarga hududlarda zargarlar uchun yaratilgan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlarning zaxiralari haqida ham maʼlumot berildi.

Oʻzaro muloqot “yashil” loyihalar, “yashil” texnologiyalar yoʻnalishida davom ettirilib, mavzu davlatimiz rahbarining shu yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati asosida tushuntirildi.

– Soʻnggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur boʻlgan texnologiyalar, uskunalar va qurilmalar resurs tejamkor va ekologik xavfsiz mezonlar asosida ishlab chiqilmoqda, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” departamenti boshqarma boshligʻi Bobur Sultonmurodov. – Ulardan foydalanib nafaqat atrof-muhit zararlanishining oldini olish mumkin, balki katta iqtisodiy foyda ham koʻriladi. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda biz energiya tejamkor texnologiyalar ahamiyatini xalqchil tilda, muayyan ishlab chiqarish boʻyicha hisob-kitob qilingan maʼlumotlar asosida yetkazib berishga harakat qilayapmiz.

Qayd etish joiz, bugungi kunda Bank tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalar uchun turli shartlardagi “yashil” kreditlar joriy qilingan.

Shundan yuridik shaxslar (shu jumladan, tadbirkorlar)ga quyosh panellari xarid qilish uchun yillik 21 foizga, 5 yilgacha boʻlgan muddatga kredit mablagʻlari ajratilmoqda. Joriy yilnnig 1-iyun holatiga koʻra, ayni yoʻnalishda ajratilgan kreditlar 27 mlrd. soʻmni tashkil etmoqda.

Bank Axborot xizmati





Другие новости


Дата последнего обновления: 19.07.2023 10:05  
up