Fargʻonada qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi barpo etiladi
20.01.2023 18:06
Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanida Oʻzsanoatqurilishbank Boshqaruvi raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha Kengash raisi Saxi Annaklichev boshchiligida tuman masʼullari, sohaga aloqador muassasa va tadbirkorlar ishtirokida qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Shoʻrsuv” kichik sanoat zonasidagi ishlarning borishi muhokama qilindi.
Uchrashuvda tumanda qurilish sohasini, xususan, “Shoʻrsuv” kichik sanoat zonasida qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini yanada rivojlantirish choralari atroflicha muhokama etilib, bu borada bank tomonidan koʻrsatiladigan amaliy yordam va takliflar maʼlum qilindi.
60 gektar maydonni tashkil etuvchi “Shoʻrsuv” kichik sanoat zonasida birgina “Albus Cement Group” Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonasi tomonidan dastlabki bosqichda gips, ohak, dekorativ va zamonaviy gisht mahsulotlari, bazalt va boshqa toshlar asosida teploizolyatsiya materiallari, gipsakarton, gazoblok, fibrotsement va sement asosli panellar hamda keramzit kabi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Zarur xomashyo bazasining “Shoʻrsuv” hududida mavjudligi tayyor mahsulot tannarxiga ijobiy taʼsir koʻrsatishi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv davomida mutasaddilar tomonidan kichik sanoat zonasidagi lotlarga shu kabi istiqbolli loyihalarni joylashtirish hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash imkoniyatlari haqida ham maʼlumotlar taqdim etildi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlab oʻtish joiz, davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga (
https://lex.uz/pdfs/5449564) muvofiq, Oʻzbekiston tumani qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilishi hamda tumanda qurilish materiallari klasteri tashkil etilishi (
https://lex.uz/pdfs/5871090) belgilangan.
Bank Axborot xizmati
609
Другие новости