Joriy yilda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi Armaniston Respublikasining Yerevan shahrida bo‘lib o‘tdi. Yirik anjumanda O‘zsanoatqurilishbankning “yashil” bank faoliyati YTTB tomonidan ketma-ket to‘rtinchi bor e'tirof etildi.
Ma'lumki, “yashil” bank O‘zsanoatqurilishbank faoliyatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Uzoq yillik transformatsiya jarayonida muassasa qator xalqaro moliya institutlari, shu jumladan, YTTB bilan hamkorlikda istiqbolli “yashil” tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Xususan, tomonlar o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish, energiya tejamkor va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida 400 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi.
“Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish” va “Tavakkalchilikni taqsimlash” mexanizmlari bo‘yicha ham samarali ishlar olib borildi.
Joriy yilning 14-may kuni Yerevanda o‘tkazilgan YTTB Boshqaruvchilar kengashining 33 yillik yig‘ilishida Bankka taqdim etilgan navbatdagi mukofot “Yilning yashil savdo bitimi” deya ta'kidlandi.
Bu bilan bankning savdoni moliyalashtirish sohasidagi xizmatlari sifati yuqori baholandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilda YTTBning Boshqaruvchilar kengashi yillik yig‘ilishi Samarqand shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda YTTB O‘zsanoatqurilishbankni “Savdoga ko‘maklashish” dasturi doirasida “Yilning eng yaxshi yashil loyihasi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlagan edi.