Ushbu kun munosabati bilan respublikamizning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi, Oʻzbekiston Volontyorlari assotsiatsiyasi hamda qator tashkilot va muassasalar hamkorligida “UzPlogging” eko-yugurish aksiyasi, “Clean games” – Yevroosiyo tozalik kubogi musobaqasi tashkil etildi.
Unda Oʻzsanoatqurilishbank xodimlari faol qatnashdi.
– Yevroosiyo tozalik kubogi musobaqasi Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilmoqda, ushbu muhim tadbirda toza ekologiya tarafdorlari qatorida ekanligimizdan mamnunmiz, – deydi “Green Banking” departamenti boshqarma boshligʻi Bobur Sultonmurodov.
Taʼkidlanishicha, mazkur musobaqa yurtimizda faqat koʻngillilar oʻrtasida oʻtkazilgan. Bu yildan eʼtiboran ekologiya va atrof-muhit tozaligini taʼminlashga oid loyiha butun Oʻzbekistonni qamrab oldi.
“Clean games” oʻyinlarida 100 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular tomonidan jami 118, 8 qop – 802,25 kilogrammga teng chiqindi yigʻilib, saralangan holda qayta ishlashga jalb qilindi.
Tadbir davomida, shuningdek, qayta ishlangan chiqindilardan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, bolalar ishtirokida rasm chizish tanlovi boʻlib oʻtdi.
Sohada uzoq yillardan beri mehnat qilib kelayotgan faxriy va fidoiy xodimlar, aksiya faollari “Tabiat himoyachisi” koʻkrak nishoni va boshqa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.