O‘zsanoatqurilishbank tijorat banklari orasida birinchilardan bo‘lib “yashil energiya” sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bu bankning ishlab chiqarish faoliyatida elektr energiya ehtiyojlari to‘liq “yashil” energiya manbalari hisobiga qoplanayotganini tasdiqlaydi.
Prezidentimizning 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.
O‘zsanoatqurilishbank tizimida muqobil energiya manbalarini joriy etish sa’y-harakatlari 2018-yilda boshlangan transformatsiya jarayonlarida “yashil” bank tamoyillari asosida olib borildi.
Bugungi kunda bank bosh ofisi hamda hududiy tarmoqlari binolariga 1 480 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, ular iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining 30 foizini qoplab bermoqda.
Bu borada muassasa o‘z ehtiyojlarining qolgan qismini gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan muqobil manbalar hisobiga ta’minlab, to‘laqonli ravishda “yashil” energiya manbalari foydalanuvchisi sifatida “yashil energiya” sertifikatini olishga erishdi.
Ta’kidlash joiz, “yashil energiya” sertifikatlari tizimi 2023-yilning 1-oktyabridan boshlab davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 15 maydagi “Yashil energiya» sertifikatlari tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, quyosh, shamol va gidroelektr stansiyalarida hamda qayta tiklanuvchi boshqa energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun joriy etib kelinmoqda.
Bank Axborot xizmati