Barcha kreditlar
O‘zsanoatqurilishbank binosiga EDGE sertifikati taqdim etildi. Bunday sertifikatni O‘zbekiston tijorat banklari orasida birinchilardan bo‘lib ushbu bank qo‘lga kiritdi.
Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 – yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish orqali 2026 yilga qadar iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish, havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini ham shuncha miqdorga qisqartirish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga, bino va inshootlar energiya samaradorligini 30 foizga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Farmon ijrosi doirasida bank tizimida energiya va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, xususan, muassasa binolarini sertifikatsiyalash Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) konsultantlari tavsiyalari asosida olib borilmoqda.
Bunda XMKning Yuqori samaradorlik uchun dizayndagi mukammallikka qaratilgan (Excellence in Design for Greater Efficiencies – EDGE) dasturidan foydalanilmoqda.
O‘zsanoatqurilishbank binolari uchun EDGE sertifikatini olish sa’y-harakatlari 2023-yil oxirida boshlangan. Loyihani amalga oshirish uchun Niderlandiyaning “HPBS B.V” tadqiqot va atrof-muhit muhandisligi markazi tanlab olingan.
Bugungi kunda Bank binolari qirqtasining EDGE talablariga mosligi o‘rganildi. Dastlabki baholash ishlari va uning yakuni bo‘yicha taqdim etilgan texnik xulosalar asosida qator Bank binolari EDGE auditidan o‘tkazildi. Natijada Bank binolaridan biri EDGE sertifikatiga loyiq topildi.
– O‘zsanoatqurilishbank insoniyatni tashvishga solayotgan ekologik tahdidlarning oqibatlarini kamaytirishda ijtimoiy mas’uliyatni chuqur his qiladi, – deydi Bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Farrux Abdurahmonov. – Shu maqsadda bankni zamonaviy moliya muassasasiga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarida mamlakatda birinchilardan bo‘lib “green banking” tamoyillari joriy etildi. Ta’kidlash kerakki, EDGE sertifikatining qo‘lga kiritilishi ham bu borada belgilab olgan ishlarimizning yana bir amaliy isbotidir.
– O‘zsanoatqurilishbank barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishi masalalariga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda, – deydi “HPBS B.V” tadqiqot va atrof-muhit muhandisligi markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Anna Zavaleyeva. – Bu borada bank amal qiladigan kompleks va integratsiyalashgan yondashuvlar iqlim xatarlarini kamaytirish sohasida yuqori natija bermoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xalqaro “yashil” investitsiyalarni jalb qilishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joiz, bank binosini sertifikatlash jarayonida elektr energiya sarfi 23 foizga, suvdan foydalanish 24 foizga va qurilish materiallarining uglerod isi 100 foizga kamaytirildi. Ish jarayonida 320 tonnadan ziyod zararli gaz chiqishining oldi olindi.
Ayni paytda Bankning qolgan binolarini EDGE standarti talablariga muvofiqlashtirish va sertifikatsiyalash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, XMK tomonidan ishlab chiqilgan EDGE standarti rivojlanayotgan mamlakatlarda “yashil” va barqaror binolarni yaratishni rag‘batlantirish hamda xalqaro institutlardan turli imtiyozlar olish imkonini beradi. Ushbu standart, shuningdek, MDH mamlakatlari uchun xalqaro banklardan “yashil” moliyalashtirish resurslarini o‘zlashtirishda ham qulay vosita sanaladi.
Bank Axborot xizmati