Barcha kreditlar
O‘zsanoatqurilishbankni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalarda moliyaviy barqarorlik bilan bir qatorda global ekologik va ijtimoiy dasturlar ham alohida o‘rin tutadi. Bunday o‘z faoliyatini jamiyat manfaatlari bilan uyg‘un holda yuritish esa, bankning ijtimoiy va korporativ mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 4-mart kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbank tizimida Prezidentimizning joriy yil 30-yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ilgari surilayotgan faol tashabbuslar haqida keng va atroflicha ma’lumot berildi.
Yashil taraqqiyot – barqaror kelajak!
Bugungi kunda butun dunyoda tabiatni asrash, resurslardan oqilona foydalanish va ekologiyaga e’tiborni kuchaytirish nafaqat davlat siyosatining, balki moliyaviy institutlarning ham ustuvor vazifalaridan biriga aylangan.
O‘zsanoatqurilishbank ana shu global o‘zgarishlardan ortda qolmay, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish yo‘lida ulkan qadamlar tashlamoqda.
Bank tomonidan so‘nggi uch yilda 567 mln. AQSH dollari miqdorida “yashil” kreditlar ajratilgani va 6,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgani bu boradagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasidir. Bundan tashqari, “yashil” loyihalarni tadbiq etish natijasida 47 000 MVt soat muqobil energiya ishlab chiqarilib, 239 000 MVt soat elektr energiyasi va 23 000 metr kub suv tejaldi.
Xalqaro hamkorlik va “yashil” moliyalashtirish
– So‘nggi yillarda global ekologik vaziyat har bir davlatni “yashil” tiklanish maqsadida birlashtirmoqda, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodov. – Mamlakatimizda ham 2019-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi asosida barcha sohalarda “yashil” transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bizning “yashil” bank tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan harakatlarimiz xalqaro hamkorlik doirasida yanada keng mazmun kasb etmoqda.
Darhaqiqat, bank o‘z faoliyatini global moliya hamjamiyati talablariga mos ravishda rivojlantirib, yirik xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda 25 mln. AQSH dollarlik “yashil” kreditlar ajratildi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ESG (Environmental, Social, Governance – atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) standartlarini joriy qilish yo‘nalishida hamkorlik amalga oshirildi.
“PricewaterhouseCoopers” ko‘magida bank Milliy “yashil” iqtisodiyot taksonomiyasidan sinovdan o‘tkazildi.
O‘zsanoatqurilishbank – ESG standartlarini joriy qilgan ilg‘or moliya instituti
O‘zbekistonda korporativ boshqaruv, ijtimoiy mas’uliyat va ekologik (ESG) standartlarni xalqaro talablar asosida joriy qilish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zsanoatqurilishbank bu borada ham yetakchilikni qo‘lga olib, maqsad va vazifalarini ushbu umume’tirof etilayotgan standartlarga muvofiq takomillashtirmoqda. O‘z manfaatlarini mijozlari, hamkorlari, xodimlari, umuman jamiyat manfaatlari bilan teng qo‘yib faoliyat yuritmoqda.
Natijada, bankning atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishidagi faoliyati xalqaro miqyosda doimiy ravishda yuqori baholanmoqda.
Xususan, joriy yil boshida “Sustainable Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan bankka “3” darajali ESG reytingi (umumiy ball – 59) taqdim etildi.
YeTTB tomonidan esa, bankning “yashil” savdoni moliyalashtirishdagi faoliyati bir necha marta e’tirof etildi.
BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha COP29 anjumanida ishtirok etilib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorligi mustahkamlandi.
Yashil tashabbuslar – barqaror kelajak garovi
Bank ijtimoiy va ekologik loyihalarda faol ishtirok etib, jamoatchilikni tabiatni asrashga chorlamoqda. “Yashil makon”, “Chiqindisiz dunyo uchun!”, “Avtomobilsiz kun” kabi aksiyalar orqali aholi orasida ekologik madaniyatni shakllantirishga hissa qo‘shmoqda.
Shuningdek, bank infratuzilmalarini ekologik talablarga muvofiqlashtirish maqsadida EDGE auditini amalga oshirmoqda. Ushbu jarayonda HPBS tadqiqot va ekologiya muhandislik markazi mutaxassislari yaqindan yordam berib, bank binolarini barpo etish va jihozlashda energiya samaradorlikning ta’minlanganlik darajasini chuqur tahlil qilmoqda.
Matbuot anjumani doirasida EDGE auditidan muvaffaqiyatli o‘tgan bankning 5 ta binosiga EDGE sertifikati taqdim etildi.
– O‘zsanoatqurilishbankning “yashil” mezonlar asosidagi faoliyati ham ekologik, ham ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuqori samaralar keltirmoqda, – deydi “HPBS B.V” tadqiqot va atrof-muhit muhandisligi markazining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Anna Zavaleyeva. – Bu bir tomondan, xalqaro loyihalarda ishtirok etish, ilg‘or tajriba orttirish va moliyaviy resurslarni o‘zlashtirishga keng yo‘l ochilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, xalqaro moliya hamjamiyatida bank faoliyati jozibadorligini oshirib, yangi hamkorlar va investorlar jalb qilishga muhim omil bo‘lmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, bank nafaqat moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, balki “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosidagi faoliyatini rivojlantirish, mamlakatimizning ekologik qiyofasini yaxshilashga hissa qo‘shmoqda.
Bank axborot xizmati