
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bank xizmatlarini bevosita iste’molchilarga yaqinlashtirishni taqozo etmoqda.
Ana shu maqsadda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yirik korporativ mijozlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, ularning xodimlarini zamonaviy bank mahsulotlari va raqamli xizmatlar bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning iyun oyi davomida bankning Korporativ markazi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ hamda uning tarkibidagi “O‘zlitineftgaz”, “Neftgaz injiniring” va boshqa korxonalarda seminar va uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlarda korxona rahbarlari, mutaxassislar va ishchi-xodimlarga bank tomonidan jismoniy shaxslar uchun taklif etilayotgan zamonaviy moliyaviy mahsulotlar, ish haqi loyihalari, kredit xizmatlari, omonatlar, bank kartalari hamda raqamli bank xizmatlarining afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar “SQB Mobile” ilovasining imkoniyatlari, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanish qulayliklari hamda moliyaviy operatsiyalarni tezkor va xavfsiz amalga oshirish mexanizmlari bilan tanishtirildi.
Uchrashuvlar davomida bugungi kunda alohida dolzarblik kasb etayotgan kiberxavfsizlik masalalariga ham keng e’tibor qaratildi. Xodimlarga firibgarlikning zamonaviy ko‘rinishlari, phishing va ijtimoiy muhandislik usullari orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy harakatlardan himoyalanish, shaxsiy ma’lumotlar va bank rekvizitlarini ishonchli saqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Seminarlar ochiq muloqot ruhida o‘tib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Ayniqsa, ish haqi loyihalari doirasida taqdim etilayotgan qo‘shimcha imkoniyatlar, iste’mol kreditlari va omonat mahsulotlari xodimlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ta’kidlash joizki, bunday uchrashuvlar korporativ mijozlar bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, aholi moliyaviy savodxonligini oshirish hamda zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan yirik korxona va tashkilotlar jamoalari bilan bevosita muloqotni kuchaytirish, ularni ilg‘or moliyaviy yechimlar bilan qamrab olish hamda raqamli bank xizmatlarining afzalliklarini keng targ‘ib etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida O‘zsanoatqurilishbank rah ...
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) Bosh ofisida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ...

