
Joriy yilning 22-iyul kuni “O‘zbekiston24” telekanalida “O‘zsanoatqurilishbank: raqamli innovatsiyalar va zamonaviy bank xizmatlari” mavzuida jonli matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda bank tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida erishgan natijalar hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bank tizimiga oid islohotlar iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan birga, aholi uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz moliyaviy xizmatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Bugun banklar fuqarolarning kundalik hayotida muhim o‘rin egallagan, raqamli texnologiyalar orqali tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatuvchi institutga aylanmoqda.
Matbuot anjumanida dastlab O‘zsanoatqurilishbank (SQB)ning asosiy ko‘rsatkichlari sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, bank aktivlari 108,5 trln so‘mga, kapitali 13 trln so‘mga yetdi. Sof foyda 1,1 trln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,7 foizga oshdi. Jami daromadlar hajmi esa 16 trln so‘mga yetdi.

Chakana bank xizmatlari yo‘nalishida ham ahamiyatli natijalar qayd etilib, kredit portfeli 10,3 trln so‘mdan oshdi.
– Bank kredit portfelida aholining ijtimoiy ehtiyojlariga xizmat qiluvchi mahsulotlar muhim o‘rin tutadi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Biznes bosh direktori Temur Norov. – Ipoteka kreditlari chakana kreditlar portfelining qariyb 70 foizini, ta’lim kreditlari bo‘yicha bozor ulushimiz esa 8 foizni tashkil etdi. Eng yuqori o‘sish avtokreditlar segmentida kuzatildi: portfel yil boshidan 51 foizga o‘sdi, “UzAutoMotors” bilan hamkorlikda joriy etilgan yangi mahsulot hisobidan ajratilgan mablag‘lar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9 barobarga oshdi. Yarim yilda qariyb 40 ming nafar fuqaroga 2,5 trln so‘mlik kredit ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,3 foiz ko‘p. Uy-joy xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida birlamchi va ikkilamchi bozordan tayyor uy-joy, yangi qurilgan xonadon hamda qurilish bosqichidagi ko‘p kvartirali uylardan ulush asosida xonadon sotib olish uchun alohida ipoteka mahsulotlari joriy etildi. Mazkur kreditlar mahsulot turi va hududga qarab 1,5 mlrd so‘mgacha, 20 yilgacha muddatga taqdim etiladi.

Raqamli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishildi. Bugungi kunda “SQB Mobile” ilovasidan 3,2 milliondan ortiq mijoz foydalanmoqda. Yarim yilda ilova orqali 19,8 million operatsiya amalga oshirilib, to‘lovlar hajmi 12 trln so‘mdan oshdi. Davlat xizmatlari uchun to‘lovlar hajmi qariyb yetti barobarga, kommunal to‘lovlar ikki barobarga, onlayn mikroqarzlar hajmi esa 70 foizga oshdi. Bu raqamli xizmatlar aholi kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib borayotganini namoyon etdi. 
– Sun’iy intellektni bank transformatsiyasining strategik yo‘nalishi deb bilamiz, – deydi T. Norov. – Bu borada yagona AI platformasi shakllantirilmoqda, mijozlarga giperpersonalizatsiyalangan xizmatlar taklif etilmoqda, yangi mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonlari tezlashtirilmoqda hamda "Future Banker" dasturi orqali xodimlarning AI ko‘nikmalari rivojlantirilmoqda. Barcha AI yechimlari axborot xavfsizligi, ma’lumotlar maxfiyligi va raqamli suverenitet talablari asosida tatbiq etilmoqda.

Matbuot anjumanida, shuningdek, raqamli xizmatlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, jumladan, “SQB Mobile” ilovasida firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan yangi himoya mexanizmlari hamda Premium Banking yo‘nalishida joriy etilgan yangi xizmatlar taqdim etildi. Aloqa markazi faoliyati doirasida esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish va masofaviy sotuv kanallarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy ...
Matbuot anjumani “O‘zbekiston 24” telekanali ...
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, biznes vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatla ...

