Barcha kreditlar
Tabiatda energiya tayyor holatda mavjud emas. U tabiiy manbalarni sarf etish orqali ishlab chiqariladi, yaratiladi. Bu har bir kilovat, har bir zarra ortida millionlab hajmdagi resurslar va inson mehnati turibdi degani aslida. Shu bois uni qadrlash, tejamkorlikda foydalanish zarur.
O‘zbekiston bugun iqtisodiy taraqqiyotning tabiiy resurslarni tejovchan va ekologik toza modeliga o‘tishni boshladi. Ayniqsa, so‘ngi uch yilda bu borada muhim qarorlar, alohida davlat dasturlari qabul qilindi. Joriy yilning yanvar va mart oylarida Prezident ishtirokida bo‘lib o‘tgan ikkita muhim uchrashuvning ustuvor maqsadi ham aynan energiya tejamkorlik va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish maqsadlariga qaratildi.
Uchrashuvda soha vakillari oldiga qo‘yilgan vazifa va topshiriqlar mazmun-mohiyati shunday. Yirik ishlab chiqarish va sanoat korxonalarida energiya iste’molini optimallashtirish hamda muqobil energiya tizimidan foydalanish ko‘rsatkichlarini yanada oshirishdan iborat.
Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 dollarlik yalpi mahsulot ishlab chiqarish uchun dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 barobar ko‘p energiya sarflanmoqda.
Qurilish materiallari sanoati energetika resurslarining yirik iste’molchisi hisoblanadi. Sohada ayni kunda 11 ming sakkiz yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina o‘tgan 2024-yilda ular tomonidan 2,3 mlrd kilovatsoat elektr energiyasi, 912 mln kub metr tabiiy gaz, 1,7 mln tonna ko‘mir sarf etilgan.
Iste’mol qilingan tabiiy resurslar sarfining 59 foizi esa sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa, tabiiyki, samaradorligi past, sarf-xarajati ko‘p bo‘lgan texnologiyalardan voz kechib, zamonaviy va tejamkor tizimlarni joriy qilishni talab etadi.
Shu maqsadda tarmoqdagi energiya iste’moli yuqori bo‘lgan korxonalarda samaradorlikni oshirish bo‘yicha energiya audit tekshiruvlari o‘tkazildi. O‘zsanoatqurilishbank hamda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanishni faollashtirish orqali 300 mln kilovat soat elektr quvvatini iqtisod qilish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi.
Xususan, Andijon viloyatidagi ”Reko sement sifat” MCHJ ishlab chiqarish quvvatlari ham energiya audit tekshiruvlaridan so‘ng iqtisodiy tejamkor va “yashil” texnologiyalardan foydalanishga o‘tmoqda. Korxonada birinchi bosqichda 43,2 milliard so‘mlik quyosh panellari o‘rnatilib, 3,3 mln kilovat soat elektr energiya iqtisod qilishga erishgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida korxona ishlab chiqarish liniyalarida reaktiv kondensator o‘rnatish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiya energiya xarajatlarini keskin kamaytirib, tarmoqdagi barqarorlikni oshirish va uskunalar ishlash muddatini uzaytiradi. Sement sanoatida bu yechim, ayniqsa, muhim, chunki zavodlarda elektr energiyasining 30-40 foizi reaktiv quvvatga sarflanadi. Qiymati 51 mln rublga baholangan ushbu loyihaning ishga tushishi natijasida korxonaning energiya samaradorligi bir necha barobarga ortishi kutilmoqda.
Xitoyning “Konch” korporatsiyasi O‘zbekistonning qurilish materiallari sanoatidagi strategik hamkorlaridan biri. “Toshkent Konch sement” dunyoga mashhur ushbu brendning yurtimizda faoliyat boshlagan uchinchi yirik quvvatidir. 260 mln dollarlik sarmoya bilan mamlakatimiz investitsiya bozoriga kirib kelgan korxonada yiliga 2,5 mln tonna uch xil markadagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mazkur zamonaviy quvvat orqali iqtisodiyotimiz nafaqat investitsiya va eksportbop mahsulot, qolaversa xorijiy ilg‘or tajriba hamda energiya tejamkor texnologiyalar bilan boyimoqda. Bu, ayniqsa, qurilish materiallari sanoati kabi ishlab chiqarishda tabiiy resurslar sarfi yuqori bo‘lgan sohalar uchun yanada ahamiyatlidir.
“Yashil iqtisodiyot” bu nafaqat resurs tejamkorlik, balki ekologik toza energetikani rivojlantirish hamdir. Korxonada shu kunlarda yillik quvvati 7 mln kilovatlik quyosh panellari o‘rnatilib, ishlab chiqarish jarayonining bir qismi muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tkazilmoqda.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari zimmasidagi yana bir majburiyat. Atrofmuhitga zararli ta’sirlarning oldini olish va “yashil belbog‘lar” hosil qilishdagi faollik.
2025-yil bahorgi mavsumda sohadagi korxonalar tomonidan 808 gektardan ziyod maydonga 1 mlndan ortiq manzarali va mevali daraxtlardan iborat “Yashil makon”lar yaratildi.
Shuningdek, respublikamiz bo‘yicha 12 ta sement ishlab chiqarish korxonasi tomonidan 14,2 ming dona chang-gaz tutish uskunalari yengchali filtrlarga almashtirilib, reja qilingan ko‘rsatkich 102,8 foizga bajarildi. Bundan tashqari, korxonalar hududi bo‘lgan 10 gektar maydonga yillik quvvati 8,4 mVtlik quyosh elektr stansiyalari o‘rnatilib, ishlab chiqarilgan 1,5 mln kVtlik muqobil energiya hisobiga 1,3 mlrd so‘m mablag‘ iqtisod qilishga erishilgan.
Ishlab chiqarilgan sement mahsulotining tannarxi esa 400 so‘mgacha pasayib, 20 so‘mga arzonlashgan. Bu tejamkor va yashil texnologiyalarning iqtisodiyotimizga qo‘shayotgan samaradorligidir. Joriy yilda qurilish materiallari sanoatida yana yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Bu esa, tabiiyki, energiyaga bo‘lgan talab yana bir necha barobarga ortadi degani. Tabiiy resurslardan samarali foydalanish va tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali bu ehtiyojni to‘g‘ri va to‘liq ta’minlash mumkin.
Energiya – bu oddiy resurs emas. U hayotni harakatga keltiruvchi kuch, iqtisodiy taraqqiyot quvvatidir. Sanoatda tejamkorlik esa – kelajakka investitsiya bo‘lib qoladi.
Sohiba Toshqulova,
“O‘zbekiston24” telekanali jurnalisti
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan qurilish materiallari sanoatidagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi sifatida tarmoq ...
Hurmatli hamyurtlar! Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ishsizlikni kamaytirish maqs ...
Hurmatli hamyurtlar! Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ishsizlikni kamaytirish maqsa ...