Hurmatli hamkasblar, qadrli mijozlar va hamkorlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashish – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri. Ushbu jarayonda davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, bank-moliya tizimi oldiga ochiqlik, qonuniylik va shaxsiy javobgarlikni ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar qo‘yilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa islohotlarimizga xiyonatdir!”, deya alohida ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining ushbu qat’iy pozitsiyasi har bir rahbar va xodimdan o‘z vazifasiga vijdonan yondashish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishni talab etadi.
Bu borada 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Hujjat bilan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari mustahkamlanib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularning oldini olish mexanizmlari takomillashtirildi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, “O‘zsanoatqurilishbank”da korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat samaradorligini oshirish va bank xizmatlarida shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, kredit ajratish, xaridlarni tashkil etish, kontragentlar bilan ishlash, xodimlarni tanlash va mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonlarida qonuniylik hamda xolislik tamoyillariga qat’iy amal qilish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Hurmatli hamkasblar!
Korrupsiyaning oldini olishda raqamlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, davlat xizmatlarini inson omili, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli tizimga o‘tkazish bugungi islohotlarning asosiy maqsadlaridan biridir.
Ushbu yondashuv bank faoliyatida ham o‘z aksini topmoqda. Bank xizmatlari va ichki jarayonlarni raqamlashtirish orqali inson omili bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish, qarorlar qabul qilishda shaffoflikni oshirish hamda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat zamonaviy texnologiyalar yoki nazorat tizimlariga bog‘liq emas. Bu, avvalo, har bir xodimning halolligi, kasbiy mas’uliyati va qonun talablariga qat’iy rioya etishi bilan belgilanadi.
Bank tizimida xizmat mavqeidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish, tanish-bilishchilik, noqonuniy imtiyozlar berish yoki moddiy manfaat talab qilish kabi holatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Qadrli mijozlarimiz va hamkorlar!
Agar bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida korrupsiya, noqonuniy to‘lov talab qilish, manfaatlar to‘qnashuvi yoki boshqa shubhali holatlarga duch kelsangiz, bu haqda bankning maxsus aloqa kanallari orqali xabar berishingizni so‘raymiz.
Har bir murojaat qonunchilikda belgilangan tartibda xolis ko‘rib chiqiladi, murojaat qiluvchilarning huquqlari va shaxsiga doir ma’lumotlar himoya qilinadi.
Ishonch – bank faoliyatining asosiy tayanchi. Uni mustahkamlash, mijozlar va hamkorlar bilan halol hamda ochiq munosabatlarni ta’minlash har birimizning kundalik vazifamiz bo‘lib qoladi.
Hurmat bilan,
Abdulaziz Majidov
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB
Boshqaruvi raisi o‘rinbosari
