Davlat dasturlari ijrosi

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida muqobil energiya manbalari joriy qilinmoqda


20.02.2023

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida muqobil energiya manbalari joriy qilinmoqda

Oʻzsanoatqurilishbank Bosh ofisi binosiga 100 kVt quvvatli hamda beshta tarmogʻi binosiga umumiy quvvati 235 kVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatildi. Joriy yil soʻnggiga qadar bankning boshqa tarmoqlari binolarini ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Prezidentimizning oʻtganyil 31-oktyabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishish chogʻida energiya manbalarini tejab, oʻz oʻrnida foydalanish masalasi yildan-yilga dolzarb boʻlib borishi, buning uchun muassasalarda energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish muhimligi taʼkidlangan edi.

Shu bois ayni kunlarda iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari faol amalga oshirilmoqda.

Qayd etish joiz, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida bu boradagi saʼy-harakatlar anchayin oldin – transformatsiya jarayonlari bilan birga boshlangan.

“Yashil” bank tamoyillarini ilgari surish va rivojlantirish maqsadida Xalqaro moliya korporatsiyasi konsultantlari bilan birga, ekolog va texnik mutaxassislar jalb qilingan.

Bunda ekologik va ijtimoiy tavakkalchiliklarni baholash boʻyicha ichki standartlar ishlab chiqilib, unga muvofiq “yashil” bank tamoyillarini mijozlarga yoʻnaltirilgan bank mahsulotlarida qoʻllash barobarida, Bankning ishlab chiqarish jarayonida ham joriy etish belgilandi.

Bank binolarida quyosh panellarini oʻrnatish ushbu yoʻnalishdagi ishlarning uzviy davomidir. Shu kunga qadar bankning Bosh ofisida (100 kVt quvvatli) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi (60 kVt), Xorazm (55 kVt), Fargʻona (25 kVt), Qashqadaryo (65 kVt) hududiy boshqarmalarida, shuningdek, poytaxtimizdagi Sergeli Bank xizmatlari markazida (30 kVt) quyosh panellari oʻrnatilib, ishga tushirildi.

Ayni paytda bankning Toshkent va Qoʻqon shahridagi hamda Jizzax, Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Surxondayo viloyatlardagi tarmoqlari binolarini ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan taʼminlash ishlari olib borilmoqda.

Qayd etish joiz, Bank ehtiyojidan ortiqcha energiya Toshkent shahri hamda hududiy elektr tarmoqlariga uzatiladi. Buning uchun jarayon toʻliq avtomatlashtirilib, onlayn kuzatib borish monitoring tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bankning barcha binolariga oʻrnatiladigan quyosh panellarining umumiy quvvati 1455 kVt ni tashkil etadi. Ular yordamida yiliga 2,3 mln. kVt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilib, natijada atrof-muhitga 1035 tonna zaharli issiqxona gazlari ajralishining oldi olinadi, 1 020,0 mln. soʻm iqtisod qilinadi.

Taʼkidlash lozimki, Bank tizimida energiya va tabiiy resurslardan foydalanishni qisqartirish ishlarining koʻlami keng. Jumladan, kompyuterlarni ishdan tashqari vaqtda uxlash rejimiga oʻtkazish, bino va xonalarni toʻliq svetodiod lampalari bilan taʼminlash, harakatlanish datchiklari va sensorli kranlar oʻrnatish, xodimlarni xizmat velosipedlari bilan taʼminlash, veloturargohlar barpo etish, manzarali va mevali daraxtlar oʻtkazish, chiqindilarni saralash, mijozlar bilan bank operatsiyalarini avtomatlashtirish, shu jumladan qogʻoz isteʼmolini yiliga 30 foizga qisqartirish choralari koʻrilmoqda.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/03/2024 04:24:30 pm
Tadbirkorlar bilan manfaatli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati tomonidan joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu kunlarda ana ...

03/06/2024 02:17:11 pm
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

02/15/2024 06:13:24 pm
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 20.02.2023 16:38  
up