Davlat dasturlari ijrosi

“Tadbirkorlar maktabi” samara bermoqda


30.05.2022

“Tadbirkorlar maktabi” samara bermoqda

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Tadbirkorlar maktabi”ni oʻtgan qisqa vaqt ichida 100 nafar tinglovchi tamomlab, maxsus sertifikatga ega boʻldi.  

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish departamenti direktori Shahzod Yusupov markazda oʻquv jarayonining borishi, natijalar va istiqboldagi rejalar haqida quyidagilarni gapirib berdi.

– Yildan-yilga innovatsion turdagi energiya tejamkor va import oʻrnini bosuvchi qurilish materiallariga boʻlgan talab ortib bormoqda.

Shu bois mamlakatimizda yangi qurilish materiallarini oʻzlashtirish va sohaga innovatsiyalarni jalb qilishda amalga oshirilayotgan ishlarda kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bankimiz tomonidan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qoshida tadbirkorlar va manfaatdor aholi vakillari uchun “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazining tashkil etilganligi bu boradagi amaliy ishlarimizdan biridir.

Oʻquv markaziga respublikamiz hamda xorijiy davlatlarning 10 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlaridan professor-oʻqituvchilar jalb qilindi, ular bilan hamkorlikda oʻquv dasturlari va qoʻllanmalar ishlab chiqildi.

Bugungi kungacha ushbu markazda 100 nafar tinglovchi qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida biznesni zamonaviy asosda tashkil qilish boʻyicha oʻqitildi.

Jumladan, oʻquv mashgʻulotlarida 11 nafar korxona rahbari, 5 nafar injiner-texnolog, 9 nafar quruvchi, 10 nafar davlat xizmatchisi, 15 nafar yakka tartibdagi tadbirkor, shuningdek, tayanch doktorant (1 nafar), magistr (6 nafar), bakalavr (21 nafar) darajasida hamda boshqa toifadagi aholi qatlami oʻz bilim va malakalarini oshirishga erishdi.

Bunda oʻquv dasturidan ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot oʻtash ham oʻrin olgan. Xususan, tinglovchilar “Ohangaronsement” AJ, “Farg`ona yasin qurilish mollari”, “Namangansement”, “Texnopark”, “Sanfa products”, “Orient-ceramic”, “Pergament quality exclusive”, “Leading force company” kabi zamonaviy texnologiyalar asosida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarda boʻlib, jarayonlar bilan tanishtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti qoshidagi “STROM” hamda “UTEST FACTORY” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining akkreditlangan sinov laboratoriyalarida esa, qurilish materiallarini sifat koʻrsatkichlariga sinab koʻrish ishlarini bevosita kuzatishdi.

Tinglovchilar orasidan “Tadbirkorlar maktabi”da olgan nazariy va amaliy bilimlari asosida oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlar mavjud. Jumladan, M.Chutboyeva “Mubina enterprise progress” MCHJni tashkil etib, marmar mahsulotini qayta ishlash va sotish faoliyatini yoʻlga qoʻydi. X.Jonibekov esa, “Humo stroymix invest” MCHJga asos solib, quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarishni boshladi.

Shu bilan birga 6 nafar tinglovchi oʻz tadbirkorlik faoliyatini kengaytirib, yangi ish oʻrinlarini yaratdi.

Bundan tashqari, oʻquv mashgʻulotlari davomida loyihalar tahlil qilinganda yengil beton (gazoblok, penobeton, zoloblok), mramor, mix, shrup va samorez ishlab chiqarish, pavlovniya plantatsiyasini yaratish hamda issiqlik saqlovchi qurilish materiallari ishlab chiqarish kabilarga ham qiziqish yuqoriligi maʼlum boʻldi.

Hozirda shu yoʻnalishdagi biznes rejalar loyiha sifatida ishlab chiqilib, uni ishga tushirish bosqichlari boʻyicha bilim va koʻnikmalar berilmoqda.

Taʼkidlash joiz, “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazi qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmogʻi uchun yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va inson omili markaziga aylanadi.

Bu yerda qurilish materiallari ishlab chiqarishda tashabbuskor tadbirkorlarning sohadagi malaka darajasi oshiriladi, boʻlajak biznes vakillarning esa moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishga, ilgʻor va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqarishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat shundaki, biz “yashil” moliyalashtirishni iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida faol qoʻllab-quvvatlaganimiz kabi uni qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida ham keng joriy etishni koʻzda tutganmiz.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/03/2024 04:24:30 pm
Tadbirkorlar bilan manfaatli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati tomonidan joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu kunlarda ana ...

03/06/2024 02:17:11 pm
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

02/15/2024 06:13:24 pm
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 30.05.2022 18:13  
up