Davlat dasturlari ijrosi

Yashil loyihalar tabiat va jamiyatning uygʻunlikda rivojlanishini taʼminlaydi


22.02.2023

Shu kunlarda “Yashil iqtisodiyot”, “Yashil loyiha” kabi iboralar tez-tez qoʻllanmoqda. Negaki, mamlakatimizda va dunyoda kuzatilayotgan hozirgi iqlim oʻzgarishi sharoitida samarali, resurs tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, yashil loyihalar ishlab chiqilib, ularni amaliyotga tatbiq etish maqsadida yashil kreditlar ajratilmoqda.

Bunday loyihalar va kreditlarning oʻziga xos jihatlari bilan qiziqqan koʻp sonli mushtariylarimiz savollariga javoban “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” departamenti direktori Nurbek Husanov quyidagilarni soʻzlab berdi.

– Bugun xalqaro hamjamiyatda “yashil” tiklanish, “yashil” taraqqiyot masalasi ustuvor. Shu maqsadda birlashish saʼy-harkatlari faol bormoqda. Xususan, mamlakatimizda ham 2019-2030-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi tasdiqlandi. Maqsad – ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini inson hayoti uchun zarur boʻlgan resurslar hamda ekologiyani bir butun saqlagan holda yoʻlga qoʻyish, yuritishdan iborat.

Mazkur vazifalar doirasida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalar – yashil loyihalar hisoblanadi. Ularni tatbiq etishda qoʻllanilayotgan moliyaviy vositalar – yashil kreditlar sanaladi.

Yashil loyihalarni iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ilgari surish jarayonida taklif etilayotgan texnologiyalar, uskunalar, qurilmalar, tizimlar va materiallarning barchasi “yashil” mezonlarga, xususiyatlarga moslashtirilgan.

Misol uchun, qayta tiklanadigan energiya manbalari va energiyasamarador texnologiyalardan sanoatning barcha yoʻnalishlarida – shahar transport tarmogʻida, uy-joy, mehmonxona va issiqxona xoʻjaligida keng foydalanish mumkin. Atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda esa, chiqindilarni yigʻish, qayta ishlash va boshqarish, atmosferaga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish, tuproqni tiklash borasidagi loyihalar muhim ahamiyat kasb etadi.

Ekologik toza transport yoʻnalishidagi loyihalar ham oʻziga xos. Xususan, elektromobil hamda dvigatelsiz transport vositalarini ishlab chiqarish, ularga texnik xizmat koʻrsatish, bunday transport vositalari uchun infratuzilma yaratish kabi ishlar shular sirasidan.

Iqlim oʻzgarishiga moslashish bilan bogʻliq loyihalar suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, tabiiy va yer resurslaridan samarali foydalanishni boshqarish, yer usti va yer osti hamda biologik xilma-xillikni saqlash kabi masalalarga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Bundan tashqari, yashil loyihalar “yashil” binolarni qurish va mavjud binolarni modernizatsiya qilish, ekologik samarador texnologiyalar asosida mahsulotlar ishlab chiqarish, LED yoritgichlarini ishlab chiqarish va yigʻish, sensorli avtomatik oʻchirgichlarni yigʻish, energiyasamarador yoritish yoki uskunalarni oʻrnatish singari yoʻnalishlarda ham ishlab chiqilmoqda.

– Nurbek Ergashevich, yashil texnologiyalar sanoatning qaysi yoʻnalishlarida koʻllanganda koʻproq foyda keltirishi tahlil qilinganmi? Bu borada qanday misollar bor?

– Albatta, bu borada bir qator oʻrganishlar va tahlillar amalga oshirilgan. Eng yirik sohalardan biri agrosanoat yoʻnalishi deb, hisoblaydigan boʻlsak, tizimda yomgʻir suvini yigʻish, sugʻorish va tomchilab sugʻorishni joriy etish, suv nasoslaridan foydalanish orqali bir mavsumda qariyb 30 foizga suvni tejash mumkin boʻladi.

Shu yoʻnalishda Bank tomonidan moliyalashtirilgan bir loyiha misolida toʻxtalib, fermer xoʻjaligida energotejamkor sugʻorish va tomchilab sugʻorish tizimlarini qoʻllagan holda bir yilda 4600 metr kub suv va 90 MVt·soat elektr energiyasi tejab qolinganini, atrof-muhitga 45,54 tonna miqdorda zararli gaz chiqishi bartaraf qilinganini qayd etish joiz.

78 oʻrinli mehmonxonani qurish boʻyicha moliyalashtirilgan loyiha asosida esa, yiliga 6000 kVt·soat elektr energiyasi iqtisod qilinib, 3,04 tonna miqdorda SO2 gazning atrof-muhitga tarqalishi oldi olindi.

Bunday loyihalarni koʻpaytirish, tatbiq etish energetika sohasi bilan birga, toza ichimlik suvi masalalari, oziq-ovqat xavfsizligi, chiqindilarni oqilona boshqarish, choʻllanishni qisqartirish kabi masalalarni isloh qilishda muhim omil boʻladi.

– Yashil kreditlar haqida ham kengroq tushuncha bersangiz, ularning afzalligi nimada?

– Yashil kreditlar – yangi yoki mavjud “yashil” loyihalarni toʻliq yoki qisman moliyalashtirish, shuningdek, qayta moliyalashtirish uchun taqdim etiladigan kredit vositasi hisoblanadi.

Bankimiz tomonidan mijozlarga yashil kreditlar asosida ishlab chiqarishda resurslarni toʻgʻri boshqarish va tabiatga salbiy yukni kamaytirishga yordam beradigan turli xil yechimlar taklif etilmoqda. “Yashil” mezonlarga mos bunyod etilayotgan uy-joylarni xarid qilish uchun “yashil ipoteka” krediti taqdim qilinmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra, yirik korxonalar va tadbirkorlarga jami 2 trln. 440 mlrd. soʻm hajmida, aholiga esa, 444 mlrd. soʻmlik yashil kreditlar ajratildi.

Bunday kreditlardan maqsad – zararli gaz chiqindilarini kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash, biosferani saqlash, chiqindilarni kamaytirish koʻzda tutilgan.

Shu jihatdan qaraganda, yashil kreditlar ekologik va energiyasamaradorlikdan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash, past ishlab chiqarish tannarxiga erishish va shu orqali ishlab chiqarish hajmi, raqobatbardoshlik va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar qilib aytganda, yashil loyihalar va ularni tatbiq etishda qoʻllaniladigan yashil kreditlar tabiat va jamiyatning bir-biri bilan uygʻun holda rivojlanishini taʼminlaydi, aholining yashash sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Suhbatingiz uchun tashakkur!

Bank Axborot xizmati.







Boshqa yangiliklar

03/06/2024 02:17:11 pm
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

02/15/2024 06:13:24 pm
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...

01/22/2024 05:06:12 pm
Qurilish materiallari sanoati: mas’ullik, harakat va natija

Qurilish materiallari sanoati: mas’ullik, harakat va natija O‘zsano ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 23.02.2023 11:13  
up