Davlat dasturlari ijrosi

Bir yoshga toʻlgan “Tadbirkorlar maktabi”ga bir nazar


10.01.2023

Bir yoshga toʻlgan “Tadbirkorlar maktabi”ga bir nazar

Yurtimizda qurilish materiallari industriyasini rivojlantirish, sohada biznesni zamonaviy shaklda tashkil qilishda “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazi oʻz oldiga katta maqsad qoʻygan.

Xususan, ilgʻor va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni tayyorlash, korxonalarda yashil iqtisodiyotni joriy etish, mahsulotlarni xalqaro sifat standartlari doirasida ishlab chiqarilishiga koʻmaklashish, boʻlajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishdan iborat.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda mazkur maqsad yoʻlida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Oʻquv jarayoni dual taʼlim dasturi asosida yoʻlga qoʻyildi. Unga koʻra, mashgʻulotlar nazariy taʼlim, amaliy mashgʻulot, laboratoriya va mustaqil taʼlim tarzida olib borilmoqda.

Yigirmadan ziyod yuqori malakali pedagog-oʻqituvchilar jalb qilindi. Ular orasida Turkiyaning Maltepe universiteti hamda Budapesht texnologiyalar va iqtisodiyot universiteti professorlari ham oʻrin olgan.

Qurilish materiallari ustida tajriba va sinov ishlarini amalga oshirish maqsadida 73 turdagi laboratoriya uskunasi olib kelib, oʻrnatildi.

Tinglovchilar uchun amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish maqsadida “Oxangaronsement” AJ, “Farg`ona yasin qurilish mollari” MCHJ, “Namangansement” MCHJ, “Texnopark” MCHJ, “Sanfa products” MCHJ, “Orient-ceramic” MCHJ kabi qator yirik korxonalar bilan hamkorlik oʻrnatildi.

Oʻquv markaziga qabul tadbirkormaktab.uz sayti orqali onlayn tarzda ham yoʻlga qoʻyildi.

Markazning Samarqand (Samarqand davlat arxitektura qurilish instituti qoshida) hamda Xorazm (Urganch davlat universiteti qoshida) viloyat filiallari faoliyat boshladi.

Barcha amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022-yilda markazda korxonalar rahbarlari, injener-texnologlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, doktorant va mustaqil izlanuvchilar, oliy taʼlim muassasalarihamda boshqa manfaatdor aholi vakillaridan iborat 484 nafar tinglovchi tahsil olib, maxsus sertifikatga boʻldi.

 

“Tadbirkorlar maktabi” bitiruvchilari fikri:

Gʻulom Shodiyev,

Samarqand viloyati

Kattaqoʻrgʻon tumanidagi

“Binokor-miyonkor” MCHJ rahbari.

 

– Oʻquv markazining tashkil etilishi biz, tadbirkorlar uchun juda muhim, manfaatli ish boʻlibdi.

Markaz haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabar topib, oʻquv kursining 7-mavsumida qatnashdim. Unda jahon qurilish materiallari bozoridagi oʻzgarishlar, ilgʻor texnologiyalar, eksport talablari, sinov-laboratoriya ishlarining ahamiyati kabi tarmoqqa oid yoʻnalishlarda koʻp yangiliklarga ega boʻldik.

Faoliyatimiz bino va inshootlarning yoʻlak qismi uchun bruschatka ishlab chiqarishga qaratilgan. Orttirgan bilim va koʻnikmalarimni ishga solib mahsulotlarimiz turi va sifatini oshirishni niyat qildim. Bunda xom ashyo sifatida sanoat chiqindilaridan foydalanamiz.

 

Humoyun Jonibekov,

Toshkent viloyatidagi

“Humo stroymix invest” MCHJ muhandisi.

 

– Qurilish materiallari ishlab chiqarishda Turkiya eng yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Oʻquv jarayoniga Turkiyaning Maltepe universiteti professor-oʻqituvchilari ham jalb qilingani bizni juda quvontirdi.

Xom ashyoni tanlashda mavjud standartlarga eʼtibor qaratish, texnologiyalardan foydalanishda ular yoʻriqnomasida keltirilgan parametrlardan chetga chiqmaslik, ayniqsa, bizning faoliyatimizda (quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarishda) muhim boʻlgan jihatlar xususida zarur maʼlumotlar oldik.

Buning natijasida, hozirda korxonamizning ishlab chiqarish quvvati 10-15 foizga oshdi. Ularni eksport qilish borasida xorijiy hamkorlar bilan dastlabki muzokaralar olib borilmoqda.

 

Nasimula Nodirov,

Jizzax vildoyatidagi

“Agrokvant” MCHJ menejeri.

 

– Faoliyatimiz eshik, romlar, metall listlardan turli buyumlar hamda suv bashnyalari va metall sigʻimlar ishlab chiqarishga qaratilgan.

Toʻgʻrisi, biz shu vaqtgacha hech bir nazariy-amaliy ishlanishlarsiz mahsulotimizning faqatgina dizayn qismiga eʼtibor berib, tor doirada ish yuritganmiz.

Oʻquv kursida sifat birlamchi omil, mahsulotlarni standartlashtirish esa, biznesning eng muhim sharti ekanligini bilib oldik.

Buni amaliyotda qoʻllab, qisqa muddatda natijaga kirdik. Mahsulotlarimizga qiziqish kuchaydi, buyurtmalar koʻpaydi.

Shuningdek, menga oʻquv markazida bitiruvchilarga keyinchalik ham amaliy yordam koʻrsatilishi juda maʼqul keldi.

Mazkur barcha imkoniyatlarni hisobga olgan holda endilikda “Tadbirkorlar maktabi”da ishchi-xizmatchilarimizni ham oʻqitishni rejalashtirdik.

 

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/03/2024 04:24:30 pm
Tadbirkorlar bilan manfaatli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati tomonidan joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shu kunlarda ana ...

03/06/2024 02:17:11 pm
Qaror ijrosi doirasida

O'zsanoatqurilishbank Axborot xizmati yangi loyihani e'tiboringizga havola etadi. Unda hududlarda amalga oshirilishi rej ...

02/15/2024 06:13:24 pm
O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligidagi investitsiya loyihalari muhokama qilindi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasida Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bosh direktori Nazim G ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 10.01.2023 15:54  
up