Samarqandda tadbirkorlik rivojiga xizmat qilayotgan loyihalar
15.06.2026 11:43
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va aholi bandligini ta’minlash iqtisodiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zsanoatqurilishbank tomonidan hududlarda istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, yangi korxonalarni ishga tushirish va mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Samarqand viloyatida bank tomonidan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada yangi ish o‘rinlari yaratilishi, eksport salohiyatining oshishi hamda hudud iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shilmoqda.
2025-yilda viloyatda 150 dan ortiq tadbirkorlik subyekti loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 968 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra esa qariyb 50 ta tadbirkorlik subyektiga 94 milliard so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Mazkur loyihalar hisobidan 170 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, aholi daromadlarini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar shakllantirildi.
Ana shunday muvaffaqiyatli loyihalardan biri Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan “YEC GILAM” MCHJ hisoblanadi. Korxona gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Bank ko‘magida korxona zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilib, faoliyatini yanada kengaytirishga erishdi. Bugungi kunda korxonada yiliga 2 million kvadrat metrdan ortiq gilam mahsulotlari hamda 5,6 ming tonnadan ziyod polipropilen ip ishlab chiqarilmoqda.
Ayni paytda korxonada 240 nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda. Ishchilar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lib, bepul transport va ovqatlanish xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki xorijiy mamlakatlarda ham xaridorgir. Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning muhim qismi Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston, Quvayt va Afg‘oniston bozorlariga eksport qilinmoqda. Bu esa korxonaning eksport salohiyati va raqobatbardoshligi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
“YEC GILAM” korxonasining yana bir muhim jihati energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etganidadir. Xususan, korxonada quvvati 3,2 MVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, bu ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va energiya samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan amalga oshirilayotgan bunday loyihalar tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport hajmini oshirish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

18
Boshqa yangiliklar