Davlat dasturlari ijrosi

Tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ochiq va amaliy ruhda oʻtmoqda


10.08.2023

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlar oʻrtasida muqobil energiya manbalaridan foydalanishda yaratilgan imkoniyatlar keng targʻib qilinmoqda. Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida tashkil etilgan uchrashuvlarda yuzga yaqin tadbirkorlar bu borada oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Bu boradagi ishlar Prezidentimizning shu yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida izchil amalga oshirilmoqda.

Hujjatga koʻra, joriy yil 1-apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar boʻyicha mol-mulk soligʻi, qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻi hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda soligʻini toʻlashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan eʼtiboran uch yil muddatga, oʻrnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan oʻrnatilgan boʻlsa – oʻn yil muddatga ozod etildi.

1-martdan boshlab esa, yagona elektr energetika tizimiga ulanish uchun berilgan texnik shartlarda koʻrsatilgan quvvatdan yuqori boʻlmagan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulashda qoʻshimcha texnik shart olish talab etilmaydigan boʻldi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga, shu jumladan xorijiy investorlarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va (yoki) hududiy elektr tarmoqlariga oʻrnatilgan tariflarda, boshqa isteʼmolchilarga oʻzaro kelishilgan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan, shu jumladan uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishga, boshqa shaxslarga tegishli obyektlarda ijara huquqi asosida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatib, ushbu qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishga ruxsat berildi.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda shu va boshqa imtiyozlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Bank tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini sotib olish va oʻrnatish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilgan “yashil” kreditlar boʻyicha taqdimot namoyish etildi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

11/17/2023 01:02:48 pm
Chexiyalik ishbilarmonlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Oʻzsanoatqurilishbank hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida Chexiya Respublikasining “PSP E ...

10/24/2023 04:29:36 pm
Ozarbayjonda qurilish materiallari “Savdo uyi” ochiladi

“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi binosida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo ...

10/12/2023 05:01:12 pm
Oʻzbekiston qurilish materiallari bozoriga qiziqish ortmoqda

Poytaxtimizdagi «Oʻzekspomarkaz» milliy koʻrgazmalar markazida “Aquatherm Tashkent 2023» XI xalqaro koʻrgazmasi boʻlib o ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 10.08.2023 15:40  
up