
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatida tadbiq etilayotgan noyob va istiqbolli loyihalar ko‘lami keng. Ular asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati nafaqat mahalliy, balki dunyo miqyosida katta e’tibor qozonmoqda. Baxmal tumanida za’faron plantatsiyasini barpo etish loyihasi shulardan biridir.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligi imkoniyatlaridan to‘g‘ri va samarali foydalanishga qaratilgan chuqur islohotlar olib borilmoqda. Bu bilan tarmoqda mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga, yer va suv munosabatlarini takomillashtirishga, qulay agrobiznes muhiti va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga erishilmoqda.
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida barpo etilgan za’faron plantatsiyasi loyihasi ham davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligida qo‘shimcha qiymat yaratish bo‘yicha bergan topshirig‘i amaliy ijrosidir.
“BMB Holding” kompaniyasi tashabbuskorligida 50 gektar bilan boshlangan loyihaning umumiy maydoni bugun 700 gektarga yetkazildi. Plantatsiyada yetishtirilayotgan mahsulotlarni shu yerning o‘zida quritish, qayta ishlash va qadoqlash korxonasi ishga tushirildi.
“BMB Holding” tomonidan Italiyaning “FIN.OPERA” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 120 mln. yevroga tengdir. Buning uchun o‘tgan davr mobaynida 60,8 mln. yevro miqdorida investitsiya o‘zlashtirilib, 13 mln. yevro hajmida O‘zsanoatqurilishbank kredit mablag‘lari jalb qilindi. Hudud aholisi uchun qariyb 240 ta doimiy, 40 mingga yaqin mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.
Nima uchun aynan Baxmal?
Prezidentimizning har bir sohada ilm-fan va ilg‘or texnologiyalar yutuqlarini qo‘llash borasida bergan ko‘rsatmalari qishloq xo‘jaligida ham yuqori natijalarga sabab bo‘lmoqda.
Za’faron – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida yangi turdagi ekin. Plantatsiyalarni barpo etish avvalida bir guruh soha vakillari va olimlar tomonidan o‘rganishlar, tajriba-sinov ishlari olib borildi. Bu jarayonda tuproq-iqlim sharoiti bilan aynan Baxmal tumani mazkur mahsulotni yetishtirish hududi ekanligi aniqlandi.
– Za’faron inson salomatligi uchun tengsiz xususiyatlarga ega bo‘lgani bois qadimdan “qizil oltin” deya qiymati yuqori baholanadi, – deydi “BMB Holding” kompaniyasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Sobir Egamberdiyev. – Giyohni yetishtirishda mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalardan foydalanilmaydi. Shuningdek, ushbu o‘simlik yerning ozuqaviy birliklarini tortib olmasdan, aksincha, o‘z ildizi bilan yerni zarur elemetlar bilan yanada boyitadi.
Bundan tashqari, za’faron maydonlarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda “AgroNanoGel Basic” – gidrogel tizimi qo‘llanila boshladi. Tizim afzalligi o‘simlik ildiz otishini yuqori darajaga ko‘taradi, suv sarfini 45 foizgacha tejaydi, hosildorlikni 3-4 foizga oshiradi.
Bularning bari yildan-yilga hosildorlik va shu orqali iqtisodiy samaradorlik ortishiga xizmat qiladi.
“BMB Zafaron” – milliy brend
Yuqorida qayd etilganidek, “BMB Holding” tomonidan za’faronni ekish, hosilni yig‘ish va tayyor mahsulotga keltirishning yaxlit tizimi yaratilgan.
Bugungi kunda plantatsiyada avj pallasida bo‘lgan yig‘im-terim jarayoni za’faronni qayta ishlovchi korxona faoliyatini ham kuchaytirgan. Za’faron gullarini saralash, quritish va qadoqlash ishlari Italiya texnologiyalari yordamida amalga oshirilmoqda. Za’faronli novvot, asal, choy kabi 20 turdan ziyod mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
– Mahsulotimiz Yevropaning xalqaro laboratoriyalarida ikki bosqichli tekshiruvlardan o‘tkazilib, tahlil natijalariga ko‘ra, oliy navli mahsulot sifatida tan olindi, – deydi “BMB Holding” kompaniyasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Sobir Egamberdiyev. – Joriy yilda esa, AQSHning oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy kosmetika, biologik mahsulotlarning xavfsizligi va samaradorligini nazorat qiluvchi davlat agentligi – FDA hamda Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga ko‘ra, eksportni ushbu davlatlarga ham amalga oshirish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalar berildi. Beqiyos rangi bilan Baxmal dalalarini bezayotgan o‘zbek za’faronimiz shu tariqa bir necha bosqichdan o‘tib, “BMB Zafaron” milliy brendi ostida dunyo yuzini ko‘rmoqda.
Kompaniyaning eksport yo‘nalishidagi ko‘rsatkichlari 2021 yilda 1,2 mln. yevroni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10 barobarga oshirib, 12 mln. yevroga yetkazish rejalashtirilgan.
– Ilgari tumanimizda yirik korxonalar yo‘q edi, “BMB Holding” tashkil etilib, men kabi ko‘plab qishloq ayollari doimiy ishli bo‘ldik, – deydi korxona ishchilaridan biri Ma’rifat Xudoynazarova. – Mehnat sharoiti juda yaxshi tashkil etilgan. Maxsus avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Issiq ovqatlar bilan ta’minlayapti. Muhimi, maoshlarimiz o‘z vaqtida beriladi. Oilamizga qo‘shimcha daromad keltirayotganimizdan xursandmiz.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan Samarqand viloyatida tadbirkorlar bil ...
“O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) Belgradda o‘tkazilayotgan AI Tech Summit 2026 ...
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korporativ markazi xodimlari tomonidan “Perfect-University” MChJ oliy ta’lim muassasa ...

