Yangiliklar

“Global money week”: farzandlarimizning moliyaviy koʻnikmalarini birgalikda oshiramiz!


22.05.2021

“Global money week”: farzandlarimizning moliyaviy koʻnikmalarini birgalikda oshiramiz!

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Umumjahon pul haftaligi” (Global money week – GMW) doirasida oʻtkazilgan “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng yaxshi dars” tanlovi natijalari eʼlon qilindi. Unda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 12-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan Farhod Boltayev murabbiyligidagi dars mashgʻuloti gʻolib deb topildi.
Biz kundalik hayotimizda deyarli har kuni duch keladigan jarayonlar, pul bilan bogʻliq xatti-harakatlar moliya sohasini oʻz ichiga oluvchi ulkan bir dunyo. Moliyaviy savodxonlik esa moliya va moliya dunyosida oqilona qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan tushuncha, bilim va koʻnikmalar majmuidir.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan har yili oʻtkaziladigan “Umumjahon pul haftaligi” doirasida bolalar hamda oʻsmir yoshlarning moliyaviy bilim va koʻnikmalarni oshirishga qaratilgan qator loyihalar oʻrin olgan.
Ana shunday tadbirlardan biri “Moliyaviy savodxonlik boʻyicha eng yaxshi dars” tanlovi joriy yilda tijorat banklari orqali respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalarini keng qamrab oldi.
Xususan, Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ushbu tanlov Surxondaryo viloyatidagi umumtaʼlim maktablari hamda mehribonlik uyida tashkil etildi. Natijada Termiz shahridagi 12-sonli mehribonlik uyi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Farhod Boltayev tomonidan tayyorlangan dars mashgʻuloti tanlov mezonlariga loyiq topilib, gʻolib boʻldi.
– GMW doirasidagi mazkur tanlov avvalo, taʼlim tizimi uchun moliyaviy savodxonlik sohasida taʼlim sifatini oshirishga, bu borada pedagoglar tajribasini shakllantirishga va oʻquv jarayonining uslubiy taʼminotini takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi F.Boltayev. – Shuningdek, tadbir oʻquvchilarning moliyaviy madaniyatini rivojlantirishga koʻmaklashib, ularning moliya, jamgʻarma, investitsiya va biznes haqida erta tushunchaga ega boʻlishi hamda oʻz sarmoyasini toʻgʻri boshqarib, shaxsiy hayotini chiroyli bunyod etishlarida muhim omil boʻladi.
Darhaqiqat, Bank tomonidan aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida uning ijtimoiy tarmoqlarida ham sovrinli tanlov oʻtkazildi. Oʻquvchi-yoshlar uchun Bankning Surxondaryo mintaqaviy filialiga qarashli Bank xizmatlari markazlariga ekskursiyalar tashkil etilib, ilgʻor bank uskunalari va texnologiyalari hamda moliyaviy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi.
– Soʻnggi yillarda raqamli moliyaviy xizmatlar anchayin rivojlandi, mamlakatimizga yangi moliyaviy texnologiyalar, vositalar hamda chakana bank xizmatlarining kirib kelishi jadallashdi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Surxondaryo mintaqaviy filiali boshqaruvchisi oʻrinbosari Komil Nurmuhammedov. – Bu, oʻz navbatida, muntazam ravishda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va zamonaviy bank xizmatlari bilan tanishtirib borishni taqozo qiladi.
“Umumjahon pul haftaligi” xalqaro taʼlim kampaniyasi ishi esa mana shu jihatlariga koʻra muhim ahamiyat kasb etadi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar


Oxirgi yangilanish sanasi: 22.05.2021 19:20

JOYDA - mobil banking

Telefoningizdagi qulay ilovadan foydalangan holda kunlik to’lovlarni amalga oshiring