Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashishga oid reyting baholash va indikator koʻrsatkichlari bilan tanishtirildi


09.09.2022

Oʻzsanoatqurilishbank xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashishga oid reyting baholash va indikator koʻrsatkichlari bilan tanishtirildi

Joriy yilning 6-sentyabr kuni Oʻzsanoatqurilishbank Bosh ofisida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda “Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash ishlari va indikator koʻrsatkichlari” mavzusida oʻquv-seminari oʻtkazildi. Unda bank boʻlinmalari xodimlari bilan birga hududiy bank tarmoqlaridan ham menejerlar Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida davlat organlari va tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash mezonlari hamda ularni ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Bank tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda qarorda belgilangan ushbu vazifalar boʻyicha aniq mexanizm yaratilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi.

Oʻquv-seminarida ishtirokchilar mazkur hujjatga koʻra joriy qilingan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi hamda bunda beshta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar mazmun-mohiyati bilan bank faoliyati misolida tanishtirildi.

Taʼkidlanganidek, Bank tizimida barcha xodimlari “CERT Academy” xalqaro trening kompaniyasining oʻquv dasturi asosida ISO 37001:2016 xalqaro standarti boʻyicha oʻqitildi. Ular uchun qulay mehnat sharoiti yaratildi, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish kuchaytirildi, rahbar xodimlar oʻrtasida boshqaruvning adolatli, qarindosh-urugʻchiliksiz belgilangan tartiblar asosida borishi qatʼiy nazoratga olindi.

Mijozlarga xizmat koʻrsatishda ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga amal qilish maqsadida “Komplayens ishonch liniyasi” ishga tushirildi.

Seminarda ishtirokchilar reyting baholash tizimi, bu borada ishga tushirilgan elektron platformaning ishlash tartibi, tashkilotlar faoliyati samaradorligini baholashda joriy qilingan toifalar, intizomiy javobgarlik choralari xususida batafsil maʼlumotga ega boʻldilar.

Bank tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilgan keng koʻlamli ishlarning qarorda belgilangan indikator koʻrsatkichlari doirasida baholanishiga munosib tayyorgarlik koʻrish, bunda hujjatlarni qonuniy va toʻgʻri rasmiylashtirish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

03/29/2024 09:22:27 am
Yaxshidan bog' qoladi

16-18 mart kunlari mamlakatimizda “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hash ...

03/28/2024 06:10:14 pm
Obod yurtning obod banklari

Umumxalq hashari Oʻzsanoatqurilishbankda ham katta uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. ...

03/28/2024 06:09:23 pm
Oʼzsanoatqurilishbankning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi tijorat banklari orasida eng yuqori deb topildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yil natijalari boʼyicha davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishd ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 09.09.2022 17:35  
up