9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz


09.05.2020 07:00

9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz

Oʻzsanoatqurilishbank Boshqaruv Raisi Saxi Annaklichevning 9 may Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligi bilan urush va mehnat faxriylariga tabrigi
Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Muhtaram urush va mehnat faxriylari!

Barchangizni 9 may – Xotira va qadrlash kuni, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk Gʻalabaning 75 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Eng ulugʻ bayramlarimizdan biriga aylangan ushbu kunda har birimiz, avvalo, Ikkinchi jahon urushida xalqimiz boshidan kechirgan ogʻir sinovlarni hayolimizdan oʻtkazgan holda, oʻtmish voqealaridan kerakli xulosa chiqarib, urush qurbonlari ruhi oldida taʼzim bajo keltiramiz.

Urush davrida chek-chegarasiz qonli maydonlarni kechib, mardlarcha qahramonlik koʻrsatgan va bugungi dorulomon kunlarimizga tamal toshini qoʻygan haqiqiy jasorat timsollari – urush faxriylariga yuksak hurmat va ehtirom izhor etamiz.

Inson shaʼni yuksalgan va mehnati qadr topgan yurtimizda keksalarni eʼzozlash asrlar osha davom etib kelayotgan muqaddas qadriyatlarimizdan biridir.

Xotira va qadrlash kuni ham tom maʼnoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida oʻtganlarni yod etish, tiriklarni qadrlash, oʻzaro mehr-oqibatli boʻlishdek insoniy fazilatlarni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ushbu qutlugʻ kun arafasida jamoamizda uzoq yillar ishlab, bankimizning barqaror faoliyatiga oʻzining ulkan hissasini qoʻshgan mehnat faxriylarimizni ham butun jamoamiz, qolaversa, oʻz nomimdan tabriklayman.

Sizdek fidoyi nuroniy xodimlarimiz yaratgan yuksak darajadagi tajriba va ibrat maktabi mana yillar osha oʻz kuchini koʻrsatib, bankimiz nufuzini nafaqat mamlakatimiz, balki jahonga tanitishga tengsiz hissa qoʻshmoqda. Buning uchun har biringiz alohida hurmat, eʼzozu ehtiromga loyiqsiz.

Qadrli hamyurtlar!

Yana bir bor barchangizni fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Musaffo osmoni, jannatmakon bogʻu rogʻlariga ega jonajon Oʻzbekistonimizda Sizlardek fidoiy, mehnatkash va duogoʻy nuroniylarimiz borligidan faxrlanib, mustaqilligimiz abadiy, hayotimiz farovon va taraqqiyotimiz bardavom boʻlishiga ishonamiz.

Barchangizga tan-sihatlik, huzur-halovatli va barokotli umr, oilalaringizga farovonlik tilayman.

Ehtirom ila,
Bank Boshqaruvi Raisi S.Annaklichev





Boshqa yangiliklar

10/23/2026 06:00:48 pm
SQB o‘zbek tili uchun yirik ochiq matnlar bazasi — UzLPCloyihasini taqdim etdi

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar hayotimizga jadalkirib kelayotgan davrda, aqlli dasturlarning o‘zbek t ...

10/22/2026 10:44:22 am
Serjiu Choklya “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi etib saylandi

2026-yil 5-oktyabrda “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) aksiyadorlari tomonidan Kuzatuv kengashining mus ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 27.05.2020 20:16  
up