
Joriy yilning 8-oktyabr kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida za’faron plantatsiyasini kengaytirish, quritish va qayta ishlashni tashkil etish loyihasining ochilish marosimi hamda za’faron tuganak piyozboshilarini namunaviy ekish tadbiri o‘tkazildi.
Za’faron inson salomatligi uchun tengsiz xususiyatlarga ega o‘simlik. Qadimdan ushbu giyoh ziravorlar sultoni yoki “qizil oltin” deya e’tirof etilib, qiymati yuqori baholanib kelinadi.
E’tiborlisi, mamlakatimizda tashkil etilgan za’faron plantatsiyalar jahon miqyosida yaxlit hududda joylashgan plantatsiyalarning eng yirigi hisoblanadi.
Prezidentimizning shu yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida za’faron plantatsiyalarining umumiy yer maydonini 2 ming gektarga yetkazish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, Baxmal, G‘allaorol va Zomin tumanlarida qo‘shimcha 1,6 ming gektarda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish belgilandi.
BMB HOLDING tomonidan Italiyaning “FIN.OPERA SRL” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 120 mln. yevroga tengdir. Buning uchun 70 mln. yevro miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 37 mln. yevro tashabbuskor mablag‘i hamda 13 mln. yevro hajmida O‘zsanoatqurilishbank kredit mablag‘lari jalb qilindi.
O‘tgan davr mobaynida mazkur loyiha doirasida 60,8 mln. yevro investitsiyalar o‘zlashtirilib, qariyb 120 ta doimiy va 25 mingta mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi.
Shu bilan birga, loyiha tashabbuskori tomonidan qo‘shimcha ravishda kiritilgan 5 mlrd. so‘m sarmoya hisobiga 2,5 km.ga yaqin yo‘llarga beton qoplamasi yotqizilib, 25-30 km uzunlikda elektr tarmoqlari tortildi. Natijada, hudud aholisi uchun ham ravon yo‘llar va elektr energiyasidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Bugungi kunda xoldingga qarashli korxonalar tomonidan yigirmaga yaqin za’faronli mahsulotlar ishlab chiqarilib, ular “BMB Za'faron” brendi ostida dunyoning ko‘pgina davlatlariga eksport qilinmoqda.
Buning uchun mahsulotlar Italiya, Fransiya, Niderlandiya hamda Koreya davlatlaridagi ilg‘or laboratoriyalarda ikki bosqichli chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazildi, ISO 3632-1/2011 xalqaro standarti asosida 1-toifa sifat darajasi sertifikatini oldi.
Shuningdek, za’faron plantatsiyasida mahsulotni ekish, yetishtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, terib olish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash jarayonlari Niderlandiyaning “Control Union Certifications” tashkiloti tomonidan ham o‘rganildi. Natijada, “BMB Za'faron”ga “USDA ORGANIC” sertifikati berildi.
Qolaversa, o‘zbek “qizil oltin”ini dunyoning eng yirik bozori – Xitoyga eksport qilish bo‘yicha ham O‘zbekiston va Xitoy idoralararo komissiyasi xulosasiga ko‘ra ruxsatnoma olingan.
Yevropa va AQSH bozorlariga esa, Italiyada tashkil etilgan qo‘shma korxona tomonidan “ORO ROSSO Milano” brendi ostida eksport qilinmoqda.
Za’faron plantatsiyasida tuganak piyozboshilarini namunaviy ekish tadbirida joriy yilgi ekish jarayoni 20-sentyabrda boshlangani, mavsum yakuniga ko‘ra plantatsiyalar umumiy maydoni 700 gektarga yetkazilishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Ishtirokchilar za’faron maydonlarida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda sinov tariqasida qo‘llanila boshlangan “AgroNanoGel Basic” gidrogel tizimi bilan tanishtirildi.
Ta’kidlanishicha, gidrogel o‘simliklar uchun suv zahirasi sanaladi. Uning qo‘llanilishi vegetatsiya davrida o‘simliklar uchun optimal suv sharoitini hozirlab, uning sarfini 45 foizgacha tejaydi.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan Samarqand viloyatida tadbirkorlar bil ...
“O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) Belgradda o‘tkazilayotgan AI Tech Summit 2026 ...
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korporativ markazi xodimlari tomonidan “Perfect-University” MChJ oliy ta’lim muassasa ...

