Yangiliklar

OʻZSANOATQURILISHBANK: DAVLAT DASTURLARI AMALDA


19.05.2022

OʻZSANOATQURILISHBANK: DAVLAT DASTURLARI AMALDA

Joriy yilning 18-may kuni Milliy matbuot markazida Oʻzsanoatqurilishbank tizimida joriy yilning birinchi choragida davlat dasturlari doirasida olib borilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari xodimlari Bank tomonidan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi hamda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish yoʻlida bajarilgan ishlar natijalari bilan tanishtirildi.

“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida inson qadrini ulugʻlash va ijtimoiy himoya siyosati yanada kuchaytirilgan. Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish, aholini ijtimoiy himoyalash, ularni ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbayi bilan taʼminlash, malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari hamda munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida qator vazifalar belgilangan.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan davlat dasturlariga doir ustuvor yoʻnalishlar ijrosi yoʻlida faol ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga koʻra esa, Qoraqalpogʻistondagi tumanlar hokimlari yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi muassasa sifatida, qolaversa, joriy yilgi davlat dasturida belgilangan vazifalar asosida alohida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Bu Bank masʼullari boshchiligida hududlardagi har bir xonadon xatlovdan oʻtkazilib, “ogʻir” mahallalar va ehtiyojmand oilalarni manzilli oʻrganishga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda aholining ishsiz qatlami bilan tizimli ishlashga zamin yaratdi.

Natijada, joriy yilning 1-aprel holatiga binoan aholi bandligini taʼminlash va daromad manbalarini oshirish boʻyicha qator ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Yigirma mingdan ziyod fuqarolar ish bilan taʼminlandi, 1094 ta yuridik va 1364 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokimlar yordamchilari tavsiyanomalari asosida 4801 ta loyihaga imtiyozli kreditlar ajratildi.

Tadbirkorlik yoʻnalishida 400ga yaqin kichik loyihalar ishga tushirilib, har bir mahallalarda yangi ayollar va erkaklar sartaroshligi, tikuvchilik, qandolatchilik va savdo doʻkonlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlariga 60 bosh qoramol, 3528 bosh qoʻy va echki, 80,6 ming bosh parranda, shuningdek uzum, olma, oʻrik, gilos kabi mevali daraxtlar koʻchatlari yetkazib berildi, 157 ta xonadonda 4,3 gektar ixcham issiqxona qurildi.

– Ijtimoiy himoyalash borasida eng muhim ish – bu aholi bandligini taʼminlashdan iboratdir, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi rayisi oʻrinbosari F.Abdurahmonov. – Zero, kishilarning muqim ish joyiga ega boʻlishi ular uchun oylik daromad manbayini kafolatlaydi. Shu bois ayni paytdagi saʼy-harakatlarimizda bandlik masalalariga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Joylarda oʻquv markazlari tashkil qilinib, ishsiz aholi muntazam ravishda kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilmoqda, mutaxassisliklaridan kelib chiqib “etakchi” tadbirkorlarga biriktirilmoqda, korxona va tashkilotlardagi boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirilmoqda.

Bundan tashqari, hisobot davrida aholining turmush sharoitini yaxshilash maqsadida 67,1 km. uzunlikdagi ichki taʼmirtalab yoʻllarga shagʻal yotqizildi, foydalanishda yaroqsiz holga kelgan 24 dona transformator, 2 980 dona sim yogʻoch va 151 dona tungi chiroqlar yangisiga almashtirildi.

“Mahallabay” ishlash tizimi boʻyicha bankka biriktirilgan 24 ta tumanning har biridagi sektorlarda “Boshqaruv ofislari” tashkil etildi. Mingdan ziyod mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining yashash tarzini yaxshilash maqsadida tizimli ishlar olib borildi.

Matbuot anjumanida Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan joriy yilning I choragida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Taʼkidlanishicha, yanvar-mart oylarida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan jami 5,1 trln. soʻmlik, shundan 215 mlrd. soʻmlik mahsulotlar mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan. Jumladan, 2,6 mln. tonna sement, 6,5 mln. kv. metr qurilish oynasi, 4,4 mln. kv. metr keramik plitka, 13 mln. kv. metr gipsokarton, 610 ming oʻram gulqogʻoz kabi mahsulotlar ham mahalliy, ham tashqi bozorga yetkazib berilgan.

Bunda eksport geografiyasi kengayib, mahsulotlar Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Rossiya kabi qoʻshni davlatlardan tashqari yangi Niderlandiya, Indoneziya, Turkiya, Serbiya mamlakatlariga ham chiqarilgan.

Tarmoqda 275 mln. dollarlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, qiymati 35 mln. dollarlik 77 ta loyiha ishga tushirilgan.

– Bundan tashqari, 2021-2026-yillarda amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli roʻyxati ham shakllantirilib, ularning 698 tasini ishga tushirish uchun 751,4 mln. dollar miqdorida kredit ajratildi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish departamenti direktori SH.Yusupov. – Shuningdek, joriy yilda 420 ta investitsiya loyihani ishga tushirgan holda, 15 mingdan ziyod yangi ish oʻrnini barpo etish rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar ularning 166 tasi tashabbuskorlar, investorlar hamda bank krediti hisobiga amaliyotga tatbiq etildi.

Tadbirda har bir hududda qurilish materiallari ishlab chiqarishdan boshlab, tayyor koʻp qavatli uy-joylar qurishgacha barcha jarayonlarni qamrab oladigan qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda zamonaviy uy-joy qurilish klasterlari tashkil etilgani, ular negizida tashkil etilgan korxonalarga tijorat banklari bilan birgalikda qurilish texnikasi va asbob-uskunalarni lizing (yoki kredit) asosida sotib olish uchun 382 mlrd. soʻm miqdorida kreditlar ajratilgani maʼlum qilindi.

Bugungi kunda har ikki turdagi klasterlar boʻyicha loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, ayni paytda qurilish ishlari boshlangan Sariosiyo tumanidagi kichik sanoat zonasini tashkil etish ishlari yil yakuniga qadar Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Ohangaron, Oʻzbekiston va Buloqboshi tumanlarida faol davom ettiriladi.

Matbuot anjumanida Bank masʼullari jurnalistlarni qiziqtirgan boshqa savollarga ham batafsil javob berdi.

https://youtu.be/GvtdnrJXqOk

Bank Axborot xizmati






Boshqa yangiliklar


Oxirgi yangilanish sanasi: 19.05.2022 15:11

JOYDA mobil ilovasi

Smartfondagi qulay ilova yordamida kunlik to'lovlarni amalga oshiring

playmarketappstore

up