Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank mahalliylashtirish dasturida faol


28.03.2023

Oʻzsanoatqurilishbank mahalliylashtirish dasturida faol

Joriy yilning 28-mart kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Navoiy viloyatidagi “NAVPROMLITMASH” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga press-tur tashkil etildi. U yerda jurnalistlar barcha turdagi sanoat tarmoqlarida keng qoʻllaniladigan havo va moy filtrlari ishlab chiqarish quvvati, bu borada oʻrnatilgan texnik va ekologik xavfsizlik talablarining muvofiqlik jihatlari bilan tanishtirildi.

Mamlakatimizda har yili tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida bir necha oʻnlab loyihalar amalga oshiriladi. Bunda ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, importni qisqartirish, valyutani tejash hamda bandlikni taʼminlash kabi ustuvor vazifalar koʻzda tutilgan.

Navoiy shahridagi “Janubiy” sanoat zonasida misni qayta ishlash bilan shugʻullanib kelayotgan “NAVPROMLITMASH” korxonasining Oʻzsanoatqurilishbank bilan hamkorlikdagi loyihasi ham mahalliylashtirish dasturi asosida amalga oshirildi.

– Maʼlumki, viloyatimizda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari barqaror rivojlangan, – deydi “NAVPROMLITMASH” MCHJ rahbari oʻrinbosari Sherzod Ahmadjonov. – Mazkur tarmoqlarda faoliyat yurituvchi yirik korxonalar yaqin vaqtgacha havo va moy filtrlarini chetdan import qilishgan. Endilikda esa, ular uchun korxonamiz asosiy yetkazib beruvchi hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 25 mlrd. soʻm, shundan 10 mlrd. soʻmi bank tomonidan moliyalashtirildi.

Press-tur davomida mutaxassislar bank kredit mablagʻi hisobiga xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar “yashil” iqtisodiyot mezonlariga toʻla mos kelishini taʼkidladi. Zavodda mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini tekshiruvchi sinov laboratoriyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilganligini qayd etdi.

Bugungi kunda “NAVPROMLITMASH” korxonasida 170dan ziyod ish oʻrni yaratilgan boʻlib, shundan 30 tasi yangi loyihaga koʻra barpo etildi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 1 000 dona sanoat filtri (5,0 mlrd. soʻm) va 300 ming dona avtomobil filtri (6,0 mlrd. soʻm)ni tashkil etadi. Mahsulotlarning 500 ming dollarlik qismi eksportga yoʻnaltirilmoqda.

Press-tur dasturiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing ham oʻtkazildi. Unda Oʻzsanoatqurilishbankning Navoiy viloyati ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan oʻrni, sanoatni rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholiga zamonaviy xizmat koʻrsatishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

– Hudud yer osti boyliklari boʻyicha ulkan salohiyatga ega, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Navoiy hududiy boshqarmasi boshligʻi F.Qosimov. – Bankimiz tomonidan ana shunday noyob boyliklarni qazib olish va qayta ishlashga oid loyihalarni moliyalashtirishda, bunda korxonalar faoliyatini modernizatsiyalash, ularni ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlash va aylanma mablagʻlari bilan taʼminlashda yaqindan koʻmaklashib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan yilda hududiy tarmoqlarimiz tomonidan sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish sohalaridagi 35 ta loyihaga jami 67,4 mlrd. soʻm hajmida kredit mablagʻlari ajratildi. Buning samarasida 600 dan ziyod yangi ish oʻrinlari barpo etildi.

Bankning Navoiy hududiy boshqarmasi tomonidan mijozlarga yaratilayotgan qulayliklar tufayli uning asosiy koʻrsatkichlarida ham sezilarli darajada oʻsish kuzatilmoqda.

Xususan, joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra, kredit portfeli oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga ortib, 1,3 trln. soʻmni, depozit bazasi 34 foizga oshib, 336,2 mlrd. soʻmni tashkil qildi. Masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar soni mingtaga yetdi. 2022-yilda oʻtgan davrga nisbatan 260 foizga koʻp sof foyda olindi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

03/29/2024 03:02:48 pm
Tadbirkorlar maktabining hududiy filiallarida o‘quv mashg‘ulotlari qizg‘in davom etmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “O‘zsanoatqurilishmateria ...

03/29/2024 09:22:27 am
Yaxshidan bog' qoladi

16-18 mart kunlari mamlakatimizda “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hash ...

03/28/2024 06:10:14 pm
Obod yurtning obod banklari

Umumxalq hashari Oʻzsanoatqurilishbankda ham katta uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 28.03.2023 16:02  
up