Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank mamlakat sanoat salohiyatini oshirishga hissa qoʻshmoqda


26.07.2021

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan boʻlgan sanoat oʻzining qoʻshimcha qiymat yaratishi, aholi ehtiyojini qondirishdagi oʻrni va yuqori darajada ishlab chiqarishga egaligi bilan boshqa tarmoqlardan tubdan farq qiladi.

Joriy yil 9-iyunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonda hududlarning sanoat salohiyatini oshirish, xususan, qurilish materiallari sanoatida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga shart-sharoitlar yaratish, tarmoq korxonalariga kredit ajratishda imtiyozlar berish kabi vazifalar belgilandi.


Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan qurilish materiallari tarmogʻidagi korxonalarga asosiy vositalar va texnologik uskunalar sotib olish, qurilish ishlari hamda aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadida bir nechta kredit turlari taklif etilmoqda.

Ushbu kreditlar hisobiga yirik korxonalardan tortib, tadbirkorlik subyektlari ham birdek moliyaviy qoʻllab-quvvatlanib, yurtimizda qurilish materiallari turlari va sifatini oshirish, aholi bandligini taʼminlash hamda eksport hajmini koʻpaytirishdek muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yechimiga munosib hissa qoʻshilmoqda.

Yiliga 50 ming kub beton mahsuloti ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi Toshkent shahridagi “Olmos blok” masʼuliyati cheklangan jamiyati bankning ana shunday mijozlaridan biridir.

2020-yilda ish boshlagan korxonada ayni paytda 70dan ziyod ishchi mehnat qiladi, mahalliy qurilish bozoriga 30 mlrd. soʻmga teng mahsulot yetkazib beriladi.

Xususiy tadbirkor Dilshod Nazarov ham oʻz biznes faoliyatini bank koʻmagida yoʻlga qoʻydi. Mahalliy aholining 30 nafarini ishga jalb qilib, yiliga besh ming tonna mix va qurilish simlari ishlab chiqara boshladi.


Davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida belgilangan vazifalarga koʻra, bugungi kunda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishda kichik sanoat va maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mana shunday hududlarda faoliyat yurituvchi korxonalar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanmoqda.

“MAGMA GROUP” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga biznes rejasini ishga tushirish uchun Toshkent viloyatidagi “Bektemir” kichik sanoat zonasidan joy ajratilgan. Bankning moliyaviy koʻmagida korxona zarur uskunalar bilan jihozlangan. Hozirda u yerda zamonaviy meʼmorchilikda keng qoʻlllaniladigan quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarilmoqda. Eʼtiborlisi, korxonaning ishga tushishi natijasida ishga jalb qilingan hudud aholisining 90 nafari oilasiga ham baraka kirdi.


Bugungi kunda davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlovi ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 24 ta tuman qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi. Ularda infratuzilmani yaxshilash hamda geologiya ishlarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar ajratilmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ushbu sohadagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 300 mln. dollarlik yevroobligatsiyalarni chiqarib, resurs bazasini yanada shakllantirish koʻzda tutilgan. Ayni paytda bunga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi “Durable beton” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga Bank tomonidan xorijiy kredit liniya hisobidan mablagʻ ajratilgan. Qurilish qorishmalari bilan bir qatorda beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi mazkur korxona Bank tomonidan ajratilgan 5 mln. AQSH dollari miqdoridagi xorijiy kredit liniya hisobiga oʻz aylanma mablagʻlarini toʻldirib, mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirishga erishdi.


Maʼlumki, joriy yilda Oʻzsanoatqurilishbank tizimida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish maqsadida yangi tuzilmalar, shu jumladan, hududiy filiallarida konsalting markazlari tashkil qilinib, ularga malakali menejerlar jalb qilindi.

Hozirda ushbu menejerlar qurilish materiallari sohasida ish boshlamoqchi boʻlgan kichik va oʻrta biznes subyektlariga standart loyihalar, biznes rejalar va loyihalarning texnik-iqtisodiy ahamiyatini ishlab chiqishda, shuningdek kredit olishda bevosita koʻmaklashmoqda.


Aytish joizki, Bank tomonidan olib borilayotgan ushbu amaliy ishlar mamlakatimiz sanoat salohiyatini mustahkamlash, hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va tumanlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish hisobiga aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/23/2024 12:47:42 pm
O‘zsanoatqurilishbank va Global yashil o‘sish instituti: “yashil” investitsiyalar sohasida yangi anglashuv memorandumi

O‘zsanoatqurilishbank va Global yashil o‘sish instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) o‘rtasida “yashi ...

04/22/2024 03:19:37 pm
Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi

Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi ...

04/18/2024 05:59:48 pm
O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston bazalt mahsulotlarini dunyoga tanitishda faol ishtirok etmoqda

          Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qu ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 26.07.2021 15:26  
up