Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank Oʻzbekistonda yashil iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlamoqda


05.03.2021

Joriy yilning 4 mart kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlarini “yashil” moliyalashtirish mexanizmi asosida ishga tushirilayotgan loyihalar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent shahridagi korxonalarga press-tur tashkil etildi.

2019 yil 4 oktyabrda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “2019-2030 yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yillarga moʻljallangan hukumat strategiyasi ishlab chiqildi.

Unda “yashil” investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, xususan “yashil” kreditlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirishda xususiy sektorni faollashtirish, shuningdek, “yashil” investitsiyalarga nisbatan bank tizimini ragʻbatlantirish masalalari belgilab olindi.

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ushbu mexanizm asosida kreditlash amaliyotlari Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda. 2018 yilga kelib Bank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahatchilari koʻmagida ishlab chiqilgan transformatsiya dasturida ham “Green banking” alohida oʻrin egalladi.

Bugungi kunga qadar bank tomonidan uch bosqichda jami 91 mln. AQSH dollarilik 20 ta “yashil” loyiha moliyalashtirildi.

Xususan, poytaxtimizda faoliyat yurituvchi “V.L.Galperin” nomidagi Toshkent truba zavodida turli hajmdagi quvurlar, issiqlik oʻtkazgichlar (armatura simli novda), mahkamlagichlar, payvandlash simlari, elektroid kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Press tur doirasida OAV vakillari bu yerda zavodning ishlab chiqarish quvvati, xususan “yashil” loyiha deyilishiga sabab boʻluvchi jihatlari bilan tanishtirildi.

Qayd etilganidek, obyekt iqlim va ekologiya barqarorligini taʼminlovchi, energiya tejovchi ilgʻor texnologiyalar bilan jihozlangan, zarur xom ashyo bazasi taʼminlangan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 350 ming tonna poʻlatdan yasalgan metall buyumlar yetkazib berishga tengdir.

Taʼkidlash lozimki, “yashil” moliyalashtirish moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirib, iqtisodiyot real sektorini texnologik modernizatsiya qiladi. Natijada, iqtisodiyotning energiya samaradorligi oshirilib, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga erishiladi.

Bank tomonidan shu davrga qadar moliyalashtirilgan ana shunday loyihalar hisobiga metallurgiya, neft-gaz, kimyo, elektr energiya va boshqa tarmoqlarda 268 975 MVt.s elektr energiyasi va 107 080 m3 tabiiy gaz tejalganligini qayd etish mumkin.

“Green banking” tizimini rivojlantirish Bank transformatsiyasi jarayonida yanada jadallashmoqda. Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar dunyoning yirik moliya institutlari va korporatsiyalari tomonidan yuqori baholanib, moliyalashtirish uchun qoʻshimcha resurslar taklif qilinayotgani esa alohida ahamiyatga molikdir.

Press-turda jurnalistlarning navbatdagi manzili “Pergament quality exclusive” korxonasi boʻldi. U yerda mehmonlar flizelin asosidagi vinil gulqogʻozlar ishlab chiqaruvchi korxonaning ikkinchi liniyasi faoliyatini kuzatib, bu haqda batafsil maʼlumot oldi.

Loyihaning birinchi bosqichida korxona quvvati yiliga 2 million 640 ming oʻram gulqogʻoz ishlab chiqarishga yetgan boʻlsa, endilikda u bundan 2 baravar koʻp ishlash imkoniga ega boʻldi. Buning uchun Bank tomonidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan 3 825 000 yevro ekvivalentiga teng kredit mablagʻi ajratildi.

Umuman, “yashil” moliyalashtirish yer yuzining dolzarb ekologik muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar mahsulidir. Bunda muqobil energetika sohasida ilgʻor texnologiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish alohida oʻrin tutadi. Shu bois Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ushbu mexanizm ustuvor yoʻnalishlardan biri sifatida qabul qilindi. Muassasada kreditlashning ushbu usulini yaqin istiqbolda 70-80 foizga tenglashtirish belgilab olindi.

Bank Axborot xizmati
















Boshqa yangiliklar


Oxirgi yangilanish sanasi: 05.03.2021 19:36

JOYDA - mobil banking

Telefoningizdagi qulay ilovadan foydalangan holda kunlik to’lovlarni amalga oshiring