Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank “Oʻzbekistondagi eng ilgʻor bank” deb eʼtirof etildi


14.07.2022

Oʻzsanoatqurilishbank “Oʻzbekistondagi eng ilgʻor bank” deb eʼtirof etildi

Joriy yilning 13-iyul kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida xalqaro yetakchi nashr – “Euromoney” tahririyatining “Euromoney Awards For Excellence” versiyasi boʻyicha dunyodagi eng ilgʻor banklarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzsanoatqurilishbank “2022-yilda Oʻzbekistondagi eng ilgʻor bank” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topildi.

Nashr ekspertlari Bankni Oʻzbekistonning eng yirik kredit muassasasi sifatida eʼtirof etib, uning soʻnggi 12 oy davomidagi faoliyatini tahlil qildi. Hisobot davrida muassasaning moliyaviy koʻrsatkichlari yaxshilanganini taʼkidladi.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, bank tomonidan ajratilgan kreditlar umumiy hajmi mamlakat kredit bozorining 13,2 foizini, umumiy aktivlari qiymati bank sektori umumiy aktivlari qiymatiga nisbatan 12,7 foizni tashkil etganligi, depozit qiymati sohadagi umumiy depozitlar qiymatiga nisbatan 8,1 foiz ekvivalentiga teng boʻlganligi, shuningdek umumiy daromadi oʻtgan yilga nisbatan 125 foizga oʻsganligi qayd etildi.

Tahlilchilar Oʻzsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi  (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan transformatsiya ishlariga yuqori baho berdi.

Ushbu oʻzgarishlar Bankka biznes koʻlamini kengaytirish va uni bozor tamoyillarida faoliyat yurituvchi universal moliya muassasaga aylantirish, investitsiyaviy portfelini kichik biznes va uning chakana segmentlariga urgʻu bergan holda diversifikatsiyalash, marketing va brend jihatdan jamoatchilik oʻrtasidagi mavqeyini  yanada oshirishga xizmat qilayotganini eʼtirof etdi.

“Yashil” bankni rivojlantirish borasida xalqaro moliyaviy institutlar bilan olib borayotgan keng koʻlamli ishlari alohida qayd etildi.


2021-yilda Bank tomonidan korporativ va chakana mijozlar hamda kichik va oʻrta biznes subyektlari uchun umumiy qiymati 107,6 mln. AQSH dollari miqdorida “yashil” kreditlar ajratdi. Istiqbolda Bank tomonidan “yashil” kreditlar portfelini 350 mln. dollar yoki bankning umumiy kreditlar portfeliga nisbatan qariyb 8,7 foizgacha kengaytirish boʻyicha katta vazifalar belgilangan.

Shuningdek, “Euromoney” nashriyoti Bankning yaqin kelajakka belgilagan maqsadlari sifatida XMK, YETTB va Osiyo taraqqiyot banki kabi yirik xalqaro moliya institutlari ishtirokida xususiylashtirish jarayonlarini muddatidan oldin tugatishini ham ijobiy baholadi.

Mazkur xalqaro moliya institutlarining moliyaviy mablagʻlarini Bank aksiyadorlik kapitaliga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan jalb qilishini taʼkidladi.

Maʼlumot uchun. “Euromoney Awards For Excellence” marosimi 1992-yildan boshlab har yili xalqaro nufuzli moliyaviy nashri – “Euromoney” jurnali tomonidan dunyoning 100 mamlakatlaridagi eng sara banklar oʻrtasida oʻtkaziladi. Mukofot banklarga taqdim etiladigan sovrinlar orasida oʻziga xos oltin standart maqomiga ega boʻlib, gʻoliblar tahririyat hayʼati tomonidan koʻp oylik tadqiqotlar va soʻrovnomalar asosida aniqlanadi. Joriy yilda nashriyot butun dunyodagi banklarni turli yoʻnalishlar boʻyicha mukofotlash uchun eng koʻp miqdorda – 1300 ta ariza qabul qildi.

Bank Axborot xizmati



Boshqa yangiliklar

04/17/2024 03:17:48 pm
“Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank reytingini tasdiqladi: istiqboli “Barqaror”

Xalqaro yetakchi reyting kompaniyalardan biri – “Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingi mamlakatning “BB-” ...

04/13/2024 04:54:15 pm
Beqasam, atlas, adras - hech qachon urfdan qolmas!

O’zsanoatqurilishbankda an’anaviy “Milliy liboslar” chellenji o’tkazildi.  Chellenj shartlariga ko’ra, ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 14.07.2022 18:17  
up