Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan IT mutaxassislar tayyorlash qoʻllab-quvvatlanmoqda


11.05.2023

 Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan IT mutaxassislar tayyorlash qoʻllab-quvvatlanmoqda

Joriy yilning 11-may kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Xorazm viloyati Urganch shahridagi “DATA UNION” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli     DATA innovatsion oʻquv markaziga press-tur tashkil etildi.

“Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida raqamli texnologiyalar milliy bozorini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida taʼlim berish va malaka oshirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilangan.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan strategiya ijrosi doirasida sohada yoshlarning maqsadli tayyorlanishini tashkil etishga qaratilgan startap-loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“DATA UNION” MCHJ faoliyatini kengaytirishga qaratilgan loyiha shular sirasiga kiradi.

– Jamiyatning barcha tarmoqlarida IT sohasining u yoki bu koʻrinishidan keng foydalanilmoqda, qolaversa, bu borada yetarli bilim va koʻnikmaga ega boʻlgan holda uydan chiqmasdan turib ham yuqori daromad koʻrsa boʻladi, – deydi “DATA UNION” MCHJ rahbari Shahzod Sobirov. – Shu bois sohaning ahamiyati kundan-kunga ortib bormoqda. Aholi talabi hamda IT rivoji yoʻlida berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, bank koʻmagida faoliyatimizni anchayin kengaytirdik. Yigirmaga yaqin xonalar qayta taʼmirlanib, ilgʻor kompyuter va ofis mebellari bilan jihozlandi. Mehnat jamoamiz 2 baravarga oshdi. Yiliga 5000 oʻquvchini oʻqitish imkoniga ega boʻldik.

Oʻquv markazida yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalari, web dasturlash, kompyuter dasturlash, grafika dizayni, videomontaj, arxitektura, buxgalteriya hisobi va ingliz tili yoʻnalishlarida taʼlim berilmoqda. Kurslar 2 oydan 7 oygacha davom etib, ushbu muddatda oʻquvchilar bepul internet va oʻquv qurollari bilan taʼminlanmoqda.

Shu vaqtgacha 3 ming ziyod yoshlar oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikatga ega boʻldi. Ularning aksariyati hukumatimiz qarori asosida taqdim etilayotgan foizsiz isteʼmol krediti hisobiga kompyuter jihozlari xarid qilib, oʻz mustaqil faoliyatini yuritmoqda.

Markazda bandlikka koʻmaklashuv xizmati ham mavjud. Bunda bitiruvchilar orasida ishsizlar roʻyxatii shakllantirilib, ularni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashiladi.

– Har ishda xayrli ish qilish mumkin, shu bois faoliyat boshlaganimizdayoq ijtimoiy himoya muhim yoʻnalishimiz boʻlishini belgilab olganmiz, – deydi Shahzod Sobirov. – Xorazm viloyatidagi imkoniyati cheklangan va vaqtinchalik ishsiz yoshlarga IT bilim va koʻnikmalar berib, onlayn tarzda frilans (“freelancer”) sifatida faoliyat olib borishiga amaliy yordam koʻrsatishni niyat qildik. Oʻtgan davrda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 220 nafar ana shunday darajadagi yoshni bepul oʻqitdik. Endilikdagi maqsadimiz chekka hududlardagi yoshlar va kam daromadli oila farzandlari uchun sifatli onlayn oʻquv mashgʻulotlarini tashkillashtirishga qaratilgan. Bu bilan markaz oʻzi uchun yangi xaridorlar segmentini yaratadi.

Press-turda DATA innovatsion oʻquv markazi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) bilan hamkorlikda rebrending oʻtkazgani maʼlum qilindi. Buning uchun YETTB tomonidan 87 mln. soʻm grant ajratilgan. Taʼkidlanishicha, joriy yil yakuniga qadar xorijlik ekspertlar guruhi bilan DATA brendini franshizaga olib chiqish rejalashtirilgan.

Markaz mutasaddilari jurnalistlar bilan istiqboldagi rejalari bilan ham boʻlishdi. Bular xorijlik kompaniyalar bilan masofaviy ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish, oʻquv kurslari boʻyicha yoʻnalishlar sonini koʻpaytirish, onlayn oʻquv kurslarini ommalashtirish hamda markaz faoliyatini toʻliq raqamlashtirish (shu jumladan, oʻquvchilar va oʻqituvchilar reytingi doimiy tarzda monitoring qilinuvchi taʼlim platformasini ishga tushirish)dan iborat ekanligi aytib oʻtildi.

Press-tur dasturiga koʻra, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Xorazm viloyatida aholi va tadbirkorlarga xizmat koʻrsatishda yaratilgan qulayliklarga bagʻishlangan matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda bankning hududiy boshqarmasi faoliyati misolida maʼlumotlar taqdim etildi.

Bugungi kunda mazkur viloyatda bank mijozlari 46 mingdan ziyod boʻlib, ularning ikki mingga yaqini kichik va oʻrta biznes subyektlari hisoblanadi.

Joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra, bank hududiy boshqarmasi kredit portfeli 1,0 trln. soʻmni tashkil etib, shundan yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldigʻi 933,2 mlrd. soʻmni, jismoniy shaxslarga taqdim etilgan kreditlar qoldigʻi esa, 132,8 mlrd. soʻmni tashkil etadi. Aholidan jalb qilingan omonatlar qoldigʻi 206,8 mlrd. soʻmni tashkil qiladi.

 

Bank Axborot xizmati

 






Boshqa yangiliklar

04/17/2024 03:17:48 pm
“Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank reytingini tasdiqladi: istiqboli “Barqaror”

Xalqaro yetakchi reyting kompaniyalardan biri – “Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingi mamlakatning “BB-” ...

04/13/2024 04:54:15 pm
Beqasam, atlas, adras - hech qachon urfdan qolmas!

O’zsanoatqurilishbankda an’anaviy “Milliy liboslar” chellenji o’tkazildi.  Chellenj shartlariga ko’ra, ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 12.05.2023 14:08  
up