Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbankda transformatsiya: Buxoroda mijozlarga xizmat koʻrsatishning yangi tizimi ishga tushirildi


11.10.2021

Oʻzsanoatqurilishbankda transformatsiya: Buxoroda mijozlarga xizmat koʻrsatishning yangi tizimi ishga tushirildi

Joriy yilda Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan transformatsiya jarayonlarining soʻnggi bosqichi oʻz yakuniga yetkazilmoqda. Kuni kecha Bank Boshqaruvi aʼzolari, Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida Buxoro shahrida oʻtkazilgan anjuman va press-tur davomida Buxoro mintaqaviy filialida transformatsiya doirasida ishga tushirilgan mijozlarga xizmat koʻrsatishning yangi tizimi taqdimoti oʻtkazildi.

Prezidentimizning 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida banklarning samarali infratuzilmasini yaratish va faoliyatini avtomatlashtirish, universal xizmat koʻrsatish nuqtalari tarmogʻini rivojlantirish, aholi va kichik biznes uchun masofaviy xizmatlarni keng joriy qilib, kreditlashni faqat bozor shartlari asosida amalga oshirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Bir necha yildan buyon Oʻzsanoatqurilishbank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari koʻmagida olib borilayotgan keng koʻlamli transformatsiya jarayonida farmonda qayd etilgan ushbu vazifalarga ustuvor ahamiyat berildi. Bankning biznes modeli tubdan oʻzgartirildi, barcha ishlar mutlaqo yangi strategiya asosiga bunyod etilmoqda.

Bugunga kelib mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyili asosida ish faoliyati butunlay yangidan tashkil etilgan Buxoro mintaqaviy filiali misolida bu boradagi ishlar salmogʻi va samaradorligini koʻrish mumkin.

Xususan, faqat mijozlarga xizmat koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan front ofis ishi aholiga har jihatdan manzur boʻlib, filialda ish unumdorligini bir necha baravarga orttirdi.

Kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun esa 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga oʻsdi. Xodimlarning ularga tegishli boʻlmagan vazifalarni bajarish holatlari kamaytirildi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga koʻpaydi.

Tarmoq sotuvini boshqarish va qoʻllab-quvvatlash markazlashtirildi. 

Ilgari har bir filial oʻziga tegishli Bank xizmatlari markazlari va chakana kassalari tarmogʻini boshqargan boʻlsa, hozirda barcha tarmoqlar boshqaruvi mintaqaviy filial zimmasiga oʻtkazilib, quyi filiallar faqat mijozlar bilan ishlashga biriktirildi.

Bank mahsulotlarini sotish bilan bogʻliq boʻlgan barcha vazifalar markazlashtirildi.

– Filialda xizmat koʻrsatish sifatini oshirishda, ayniqsa, biznes natijalariga asoslangan kaskadli ragʻbatlantirish tizimining joriy etilganligi koʻproq samara bermoqda, – deydi Bank mahsulotlarini sotish va tarmoqlarni muvofiqlashtirish departamenti direktori Bahodir Nizomov. – Bu borada front-ofisdagi har bir xodim uchun uning vazifalari bilan bogʻliq holda ragʻbatlantirishning yangi tizimi ishlab chiqildi. Avval butun filial uchun reja tuzilgan boʻlsa, hozir har bir xodim oʻz shaxsiy rejasiga ega. Shu asosda har chorak yakuniga koʻra, sotuv va xizmat koʻrsatish boʻyicha yuqori natijaga erishgan xodimlar alohida ragʻbatlantirilmoqda.

Shuningdek, filialda mijozlarga mijozbay xizmat koʻrsatish tizimi joriy etildi. Bu bilan mijozlarga individual xizmat koʻrsatuvchi menejerlar doirasi shakllantirildi. Xususan, chakana biznes blokiga 3 nafar, potensial mijozlar uchun 7 nafar, yuridik shaxslar uchun 3 nafar, korporativ mijozlarga 1 nafar menejer tayinlandi. 9 nafar biznes menejeri va yana shuncha universal servis menejeri, 5 nafar ofis va 12 nafar xizmat menejeri ishga jalb qilindi.

Transformatsiyadan oldin xodimlar tomonidan tor yoʻnalishli mutaxassis sifatida “bir xodim – bitta mahsulot” tamoyiliga muvofiq, xususan, kassaning har bir oynasida bitta operatsiya boʻyicha (valyuta ayirboshlash, pul oʻtkazmalarini qabul qilish, kommunal toʻlovlar) xizmat koʻrsatilgan.  Bu holat mijozlarga qator noqulayliklar tugʻdirgani ham bugun hech kimga sir emas.

Transformatsiyadan soʻng, kassalar faoliyati universallashtirildi. Naqd pulli operatsiyalarni navbatlarsiz qabul qilish maqsadida chakana biznes mijozlari uchun pul oʻtkazmalari, omonatlarni rasmiylashtirish, barcha turdagi kartalar va SVIFT operatsiyalari uchun «yashil yoʻlak» tashkil etildi.

Xodimlarning asosiy faoliyati sotuvga yoʻnaltirganligi natijasida xizmat koʻrsatish tezligi 1,5 baravarga oshirildi.  

Yuridik shaxslar uchun valyuta bilan ishlash, hisob raqam ochish, kredit, operatsion xizmatlar va toʻlovlar boʻyicha toifalangan xodimlar jamoasi yangi tizimga koʻra, biznes menejerlar jamoasiga almashtirildi.

Bankda oʻqishdan oldin test oʻtkazish tizimi boʻyicha joriy qilingan oʻrtacha bilim darajasi 41 foizdan 73 foizgacha oshirildi. 

IT dasturlar zamonaviy modelga moslashtirildi, modernizatsiya qilindi.

– Bugungi kunda mijozlarimiz bazasi va mijozlar bilan munosabatlarimiz raqobatbardoshligimizni taʼminlovchi asosiy ustunligimiz hisoblanadi, – deydi Boshqaruv raisi oʻrinbosari Shoxpur Gultoʻrayev. – Buni yanada rivojlantirib borish maqsadidamiz. Buning uchun mijozlarning haqiqiy ehtiyojlarini aniqlab, yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishga, bu borada har bir mijoz talab va xohishlariga individual yondashishga harakat qilayapmiz.

Muxtasar qilib aytganda, transformatsiya jarayonlarining yakuniy bosqichi amalga oshirilayotgan Oʻzsanoatqurilishbank filiallari tarmogʻi butunlay isloh etilmoqda.

Eng muhimi, davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida qayd etilganidek, bank tizimini isloh qilish davrida aholining moliyaviy xizmatlarga boʻlgan talabini qondirish, yirik korxonalar va tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashda keng miqyosli  mexanizm yaratish hamda bank xizmatlarining hududiy qamrovini taʼminlashga munosib hissa qoʻshilmoqda.

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

04/13/2024 04:54:15 pm
Beqasam, atlas, adras - hech qachon urfdan qolmas!

O’zsanoatqurilishbankda an’anaviy “Milliy liboslar” chellenji o’tkazildi.  Chellenj shartlariga ko’ra, ...

04/08/2024 11:51:32 am
Murojaatlar maxfiyligi kafolatlanmoqda

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiya holatlari haqida xabar berish mumkin boʻlgan aloqa kanallari barqaror ishlamoq ...

04/05/2024 10:51:24 am
“O‘zsanoatqurilishbank “Chiqindisiz dunyo uchun!” ommaviy plogging eko-aksiyasida ishtirok etdi

Joriy yilning 30-mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda barcha viloyatlarda bir vaqtda, ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 11.10.2021 14:27  
up