Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbankdan qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlar uchun biznes motivatsiya


26.05.2022

Oʻzsanoatqurilishbankdan qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlar uchun biznes motivatsiya

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Nukus shahridagi Yoshlar saroyida “MFaktor” va “Impulse Business Hub” bilan hamkorlikda taniqli tadbirkor va ishbilarmonlar ishtirokida seminar-trening oʻtkazildi. Unda qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlar, barcha tumanlardagi hokim yordamchilari hamda keng jamoatchilik vakillaridan iborat 500ga yaqin ishtirokchi ham oflayn, ham onlayn tarzda qatnashdi.

Mamlakatimizda biznes yuritish shart-sharoitlarini yanada yaxshilash, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish hamda ularni zarur moliyaviy resurslar bilan taʼminlash maqsadida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ham tadbirkorlikka har tomonlama keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Soha subyektlari nafaqat moliyaviy qoʻllab-quvvatlanmoqda, balki ularning tadbirkorlikka oid tajribasini oshirish maqsadida jahon biznes hamjamiyatida qoʻllanilayotgan yangi tamoyillar, tarmoqlar va texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirgan holda, ularning bilim va dunyoqarashini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Nukus shahrida qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlarni bir davrada birlashtirib, ular uchun mativatsion biznes uchrashuvning tashkil etilganligi ana shunday ishlarning amaliy ifodasidir.

– Muvaffaqiyat tajribaning, tajriba esa xatolarning natijasi degan hayotiy ibora ayni haqiqat, – deydi “MFaktor” va “Impulse Business Hub” asoschisi Hasan Mamasayidov. – Biroq, baʼzan mana shunday uchrashuvlarda ayrim kishilarning yangi loyihani boshlashda kuchli ikkilanishlari, ishonchsizlik va qoʻrquvlari borligiga guvoh boʻlamiz. Aslida esa hech qanday toʻsiq va muammolar mavjud emas. Bunaqa savollar qachonki insonlarda bilim va malaka yetishmaganda tugʻiladi. Biz mazkur treningda ishtirokchilar bilan oʻz tajribamizni boʻlishish barobarida, ularning tadbirkorlikka oid yangi qirralarini ochishga, ruhlantirishga harakat qildik. Biznes rejalarini puxta amalga oshirishlari uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsatdik.

Tadbirda ishtirokchilar eʼtiboriga Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, amalda boʻlgan yangi xizmat va mahsulotlar haqida taqdimot namoyish etildi.

– Bankimiz tizimida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikdagi transformatsiya jarayonida butunlay yangi tashkiliy tuzilma joriy qilinib, mijozlarni toifalarga ajratgan holda, har biriga individual xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Kichik va oʻrta biznes departamenti direktori Diyor Shamirzayev. – Xususan, kichik va oʻrta biznes subyektlari mikro, kichik va oʻrta subsegmentlarga boʻlindi, ularning talab va takliflariga koʻra alohida kredit mahsuloti va xizmatlar paketi ishlab chiqildi. Jumladan, hozirda aylanma mablagʻlarni toʻldirishga qaratilgan kreditga talabgorlar nisbatan koʻpligini hisobga olib, oldindan maʼqullangan kredit turi joriy qilindi. Eksport bilan shugʻullanuvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi eksport faktoring, invoys-diskaunting moliyalashtirish, eksportni ragʻbatlantirish kabi xizmatlar ishlab chiqildi.

Tadbirda biznes-trenerlar tadbirkorlar bilan amaliy ishladi. Ular oldida turgan masalalarga birgalikda yechim qidirdi.

– Har bir tadbirkor har kuni oʻz ichki olamida standart savollar bilan ularga javob qidirib yashaydi, – deydi “MFaktor” va “Impulse Business Hub” asoschilaridan biri Husan Mamasayidov. – YAʼni, nima qilsam mahsulot yoki xizmatim kengroq auditoriga kirib boradi, daromadim va foydamni qaysi yoʻl bilan oshirsam boʻladi, xodimlarim qoʻnimligini saqlash uchun yana nimalar qilishim mumkin, degan savollar bilan kun kechiradi. Uchrashuvda qoraqalpogʻistonlik doʻstlarimizga soliq tizimidagi talablarni oson va yengil bajarishga, marketing sohasi va xodimlarni boshqarish yoʻnalishida yangi bilimlarimizni ulashishga harakat qildik.

Seminar-treningda taqdimot, maʼruzali chiqishlar va interaktiv mashgʻulotlardan tashqari oʻzaro savol-javoblar ham tadbir maqsadini amalga oshirishda muhim omil boʻldi. Bir tadbirkorning soʻrovi boshqa hamkasblarining ham savoliga javob boʻlgani taʼkidlandi.

– Facebook asoschisi Mark Sukerbergning bir yaxshi gapi bor: motivatsiya qachonki yon-atrofingda shunday nekbin insonlar koʻp boʻlsagina paydo boʻladi, – deydi tadbirkorlardan biri Azamat Kaypanov. – Bank tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda men anchadan buyon istab, kutib yurgan motivatsion muhitni his qildim. Sohaga oid qator masalalar boʻyicha tajribali tadbirkorlardan javob oldim.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ushbu loyiha – yurtimiz tadbirkorlari uchun biznes-motivatsiya seminar-treninglari butun respublika boʻyicha davom ettiriladi.

Bank Axborot xizmati. 






Boshqa yangiliklar


Oxirgi yangilanish sanasi: 26.05.2022 10:15

JOYDA mobil ilovasi

Smartfondagi qulay ilova yordamida kunlik to'lovlarni amalga oshiring

playmarketappstore

up