Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbankning yangi rivojlanish strategiyasi


08.06.2021

Bugungi davr tijorat banklari faoliyatini aholi talablari, qolaversa, turdosh va yondosh sohalardagi o‘zgarishlarga muvofiqlashtirib borishni taqozo etmoqda. Tizimda ushbu chora-tadbirlar yaxlit tarzda bank strategiyasida aks ettiriladi.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Bankni strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Kalonov bilan uyushtirgan suhbatimizda qahramonimiz muassasa yangi strategiyasining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar, yangi strategiya mazmuni va uni amalga oshirish mexanizmlari xususida so‘zlab berdi.

 

         – O‘zsanoatqurilishbank mamlakat iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega yirik moliya muassasasi sanaladi. U iqtisodiyotning neft-gaz, energetika, kimyo sanoati va boshqa shu kabi bazaviy tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadi, kichik va o‘rta tadbirkorlik hamda chakana bank xizmatlarini faol rivojlantiradi.

Ayni paytda muassasa moliya bozorida tijorat banklari umumiy aktivlari tarkibining 13 foizini, kredit portfeli bo‘yicha 14 foizini hamda kapital qo‘yilmasiga ko‘ra 12 foizini egallaydi.

         Bugungi kunda Bankning biznes modeli, kreditlash jarayonlari, bosqichma-bosqich raqamlashtirishni nazarda tutuvchi biznes jarayonlari qayta ko‘rib chiqilib, to‘laligicha mijozlarga yo‘naltirilgan bankka aylanib bormoqda.

         Asosiy maqsad – mijozlarga eng zamonaviy, xalqaro standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatish va ularning har qanday moliyaviy ehtiyojlarini qisqa muddat ichida qondirishdan iboratdir.

         Transformatsiya bilan bog‘liq ulkan maqsadlar, mijozlarga yo‘naltirilgan yangi tashabbuslarni boshqarish zarurati rivojlanishning yangi strategiyasiga bo‘lgan ehtiyojni tug‘dirdi.

        

         Nega biz yangi strategiyani yaratishga qaror qildik?

         Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bunda tijorat banklarini eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq transformatsiya qilish va keyinchalik ularni xususiylashtirish belgilab berildi.

         Ikkinchidan, Bankning yangi strategiyasi ishlab chiqilishiga sabab bo‘lgan yana bir omil uning avvalgi 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasidagi asosiy strategik ko‘rsatkichlarga muddatidan oldin erishilganligidir.

         Uchinchidan, Bank faoliyatida davom etayotgan transformatsiya jarayonlari amaldagi strategiyada to‘liq aks ettirilmagan edi.

         Shuningdek, pandemiya va u sabab yuzaga kelgan karantin cheklovlari ham soha uchun qisqa muddatli rejalar tuzib, tezkor qaror qilishni taqozo etdi. Bank tizimida onlayn-bankingni rivojlantirish, mijozlarni masofadan identifikatsiyalash, biznes jarayonlarini qayta tashkil etish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish darajasini yaxshilash uchun qaror qabul qilish vaqtini qisqartirish kabi zamonaviy tendentsiyalarga muvofiq ish ko‘rish talabini oshirdi.

        

Avvalgi strategiyani hayotga tadbiq etish orqali nimalarga erishildi?

 

Yuqorida qayd etganimizdek, Bankning 2019-2021-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, katta natijalarni ko‘rsatmoqda.

Unga ko‘ra Bank tomonidan o‘tgan davr mobaynida nafaqat korporativ, mijozlar uchun barqaror va ishonchli bank maqomini saqlab qoldi, balki mamlakat aholisi uchun xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini sezilarli darajada rivojlantirdi.

Xususan, bankimizning moliya bozoridagi mavqei:

– 2018-yilda kapital bo‘yicha 3-o‘rindan 2-o‘ringa;

– depozit hajmi bo‘yicha 4-o‘rindan 2-o‘ringa;

– aholi omonatlari hajmi bo‘yicha esa 8-o‘rindan 4-o‘ringa ko‘tarildi.

Moliyaviy natijalar bo‘yicha:

– 2018-yilga nisbatan sof yillik foyda uch barobarga oshdi;

– jami (umumiy) aktivlar 1,5 barobarga o‘sib, 49 trln. so‘mni tashkil etdi;

– kapital hajmi ikki barobarga oshib, 6,7 trln. so‘mdan ortiqni tashkil etdi;

– kredit qo‘yilmalari qariyb 40 trln. so‘mga yetib, o‘sish 1,5 barobarga yetdi;

– aktivlar rentabelligi 2018-yilda 0,9 foizdan 1.9 foizga, kapital rentabelligi 10 foizdan 12,1 foizga, sof foiz marjasi 2,6 foizdan 3.9foizga oshdi;

– operatsion samaradorlik 45,6 foizdan 25,6 foizgacha kamaydi, kreditlarning depozitlarga o‘zaro nisbati 5,7 dan 3,5 barobargacha kamaydi.

– Standard & Poor's va Fitch Ratings xalqaro reyting agentliklari Bankning uzoq muddatli kredit reytingini "B+" dan "BB-" ga ko‘tardi.

    

Yangi strategiya avvalgisidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?

 

Yangi strategiya qator biznes bloklariga bo‘lingan. Har bir biznes blok uchun maqsadli moliyaviy, samarador hamda muvozanatli ko‘rsatkichlar kartasi (BSC) ishlab chiqilgan.

Barcha ijrochi departamentlarning funktsiya va vazifalari biznes yo‘nalishlarning tashabbus va manfaatlariga moslashtirilgan.

Shuningdek, raqamli savdo kanallarini rivojlantirishga sezilarli darajada e’tibor qaratildi.

Filiallarni sotish nuqtalariga aylantirish, bek ofislarni markazlashtirish, barcha filiallarni yagona MFOga birlashtirish va tarmoq xodimlarining malakasini oshirish orqali filiallar tarmog‘ini tubdan isloh qilish, xodimlarni rag‘batlantirishning KPI tizimini o‘z ichiga olgan yangi tizimga o‘tish ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, yangi strategiya transformatsiyaning 3-bosqichini o‘z ichiga oladi. Bu,o‘z navbatida, bank filiallarida transformatsiyaning 2-bosqichidagi barcha tashabbus va ishlanmalar davom etayotganligini bildiradi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, avvalgi strategiyadagi ayrim tugallanmagan loyihalar yangi strategiyaga qo‘shib yuborildi. Korporativ ma’lumotlar ombori (DWH), ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, kredit konveyeri, mijozlar bilan aloqalarni boshqarish (CRM) yo‘lga qo‘yiladi. Korporativ mijozlarning hamkorlarini bank mahsulotlari va xizmatlari ekotizimiga jalb qilish ham faollashadi.

 

Yangi strategiyada qanday istiqbolli yo‘nalishlar belgilangan?

- Operatsion samaradorlikni oshirish;

- Mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish;

- Kredit portfeli va resurs bazasini diversifikatsiyalash;

- Axborot texnologiyalari infratuzilmasini modernizatsiyalash;

- Risklarni boshqarish tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish;

- Mijozlarning moliyaviy savodxonligi va bank xodimlarining malakasini oshirish;

- Kredit siyosatini takomillashtirish, innovatsion va masofaviy xizmatlarni joriy etish.

Bank korporativ mijozlari atrofida o‘z ekotizimini qurishni davom ettirmoqda.

Bank aktivlari va foydasining o‘sishida kichik va o‘rta biznes hamda chakana biznes muhim rol o‘ynaydi. Shu bois biz ushbu segmentlarda Bankning bozor ulushini ikki barobarga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

 

Strategik maqsad nima?

 

Strategik maqsad – bu raqobatbardosh, mijozlarga yo‘naltirilgan, bozor mexanizmlari asosida ishlovchi, investor va mijozlar uchun jozibadorga aylanish demakdir.

Istiqbolda ustuvor vazifa sifatida ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ommabopligi va sifatini ta’minlovchi raqamli xizmat ko‘rsatish kanallarini kengaytirish orqali mijozlarga yo‘naltirilgan biznes modelga o‘tish ko‘zda tutilgan.

 

Bank mijozlarini qanday o‘zgarishlar kutmoqda?

•        Yangi zamonaviy va qulay mahsulotlar

•        Raqamlashtirilgan mahsulotlarni ko‘paytirish

•        Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali xizmat ko‘rsatish sifati va tezligini oshirish.

 

Bankning strategik maqsadlarga erishishida xodimlarni qamrab olish darajasi qanday?

 

Bank o‘zining strategik maqsad va vazifalarini amalga oshirishda inson resursini rivojlantirishni asosiy shart va raqobat ustunliklaridan biri deb hisoblaydi.

Kadrlar siyosati biznes yo‘nalishiga ham, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalariga ham yuqori bilim darajasiga ega kadrlarni jalb qilish, rivojlantirish va motivatsiyasini kuchaytirishga qaratilgan. Bunda mehnat unumdorligini rag‘batlantirish (KPI), mehnat bozorida Bank HR-brendining nufuzini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Bankning mazkur rivojlanish strategiyasida ushbu tizim kadrlarni boshqarish sohasidagi zamonaviy yondoshuvlar va eng ilg‘or xalqaro amaliyot asosida shakllantiriladi.

 

Yangi strategiyani hayotga tadbiq etish kanday amalga oshiriladi?

 

Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish va ularni hayotga tadbiq etish uchun strategik tashabbuslar majmui ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, uchta asosiy vosita (instrument) joriy etilmoqda: Loyiha ofisi (PMO), muvozanatli ko‘rsatkichlar tizimi, Bankning Kuzatuv Kengashi huzuridagi Strategiya qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun biznes yo‘nalishlar hamda qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalarining choraklik hisobotlari shular jumlasidan.

 

Strategiyani amalga oshirishda kutilayotgan natijalar sifatida quyidagilarni sanab o‘tmoqchiman:

 

– mijozlar sonini 1 milliondan oshirish;

– mijozlar uchun 100 dan ortiq yangi mahsulotlarni joriy etish (strukturaviy moliyalashtirish, sindikatlangan moliyalashtirish, yashil moliyalashtirish, loyihaviy boshqaruv, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha moliyaviy yechimlar, korporativ hamda kichik va o‘rta biznes mijozlariga parametrlangan va individual kredit hamda depozit mahsulotlari, shuningdek kredit kartalari, multivalyutali omonatlar, Bankning xalqaro kartalari va chakana segment mijozlari uchun boshqa yangi moliyaviy yechimlar shular jumlasidan o‘rin olgan)

– onlayn bankingni rivojlantirish;

– Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan boshlangan transformatsiya jarayonlarini yakunlash;

– barcha filiallarni sotish nuqtalariga aylantirish va boshqalar.

https://www.youtube.com/watch?v=934JxNHpArk&t=71s





Boshqa yangiliklar

04/23/2024 12:47:42 pm
O‘zsanoatqurilishbank va Global yashil o‘sish instituti: “yashil” investitsiyalar sohasida yangi anglashuv memorandumi

O‘zsanoatqurilishbank va Global yashil o‘sish instituti (Global Green Growth Institute – GGGI) o‘rtasida “yashi ...

04/22/2024 03:19:37 pm
Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi

Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi ...

04/18/2024 05:59:48 pm
O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston bazalt mahsulotlarini dunyoga tanitishda faol ishtirok etmoqda

          Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qu ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 08.06.2021 11:31  
up