Yangiliklar

Press-tur: Oʻzsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish tubdan oʻzgardi


15.02.2023

Press-tur: Oʻzsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlarga xizmat koʻrsatish tubdan oʻzgardi

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan joriy yilgi ilk press-tur Samarqand viloyatiga tashkil etildi. U yerda jurnalistlar Bankning moliyaviy koʻmagida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati hamda mazkur hududda muassasa mijozlariga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.

Prezidentimiz tomonidan 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllangan murojaatnomada joriy yilga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar qatorida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash alohida oʻrin olgan.

Bunda davlatimiz rahbari butun dunyodagi murakkab geosiyosiy vaziyatda qanchalik ogʻir boʻlmasin, iqtisodiy islohotlarni qatʼiy davom ettirib, eng avvalo, tadbirkorlik muhitini tobora yaxshilash boʻyicha islohotlarni jadallashtirish zarurligini taʼkidlagan.

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish transformatsiya jarayonida tubdan oʻzgardi. Ularni alohida segmentlarga (mikro, kichik va oʻrta) ajratgan holda, universal menejerlar orqali mijozbay xizmat koʻrsatish, bunda hujjatlarning ixchamlashtirilgani hamda bank mahsulot va xizmatlari qayta devirsifikatsiya qilingani katta samara bermoqda.

Bu samarqandlik tadbirkorlar tomonidan ham alohida qayd etilmoqda.

– Korxonamiz tashkil etilganiga 15-yil toʻldi, – deydi “Bogʻi baland beverage” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Boqiyev. – Oʻtgan davr mobaynida bank koʻmagida biznesda salmoqli natijalarga erishdik. Biroq, bugun bankdagi muhit mutloqo oʻzgacha. Ofislardagi sharoitlar, har bir mijozga alohida yondashuv, xizmatlar borasida imtiyozli paketlarning taklif etilishi biz, tadbirkorlarni boshqacha ruhlantirmoqda.

“Bogʻi baland beverage” koʻptarmoqli korxona. U yerdagi sexlarning birida yaxna ichimliklar, birida plastik idishlar, yana birida esa, kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari ularning har birida boʻlib, ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi. Yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchi sexda Bank krediti hisobiga chetdan keltirilgan texnologik uskuna imkoniyatlari bilan tanishdi.

Hozirda mazkur sexda 30dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda. Ular tomonidan xalqimizga yiliga 28 mingta mahsulot yetkazib berilmoqda.

Jurnalistlar uchun navbatdagi manzil “Urgut” erkin iqtisodiy zonada joylashgan alyumin radiatorlar ishlab chiqaruvchi “TESPACK INVESTMENT” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi.

Taʼkidlanishicha, bank bilan hamkorlikda tatbiq etilgan umumiy qiymati 841 272,0 dollarga teng mazkur loyiha korxonaning sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturiga oid ikkinchi ishi hisoblanadi.

Korxonada 20 nafar yigit-qiz ish bilan band etilgan. Yiliga 350 ming donaga yaqin ishlab chiqarilayotgan mahsulotning bir qismi (2022-yilda bu koʻrsatkich 80 ming dollardan ortgan) qoʻshni davlatlarga eksport qilinmoqda.

Press-tur ishtirokchilari bank kredit mablagʻlri hisobiga ketma-ket ikkita loyihani ishga tushirgan “BRADJUS” korxonasiga ham tashrif buyurdi.

U yerda mehmonlar dastlab “Mac Caldo” brendi ostidagi tez tayyor boʻluvchi makaron mahsulotlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.

Soʻngra joriy yozgi mavsumda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga shay qilingan yana bir sexdagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Loyiha ishga tushsa, korxona ishchilari soni 80dan ortadi. Xalq isteʼmol bozoriga yiliga 25 ming tonnadan ziyod “Ever” brendi ostida ichimlik suvi yetkazib beriladi.

Shuningdek, press-tur doirasida OAV vakillari uchun Oʻzsanoatqurilishbankning Samarqand mintaqaviy bank xizmatlari ofisida matbuot anjumani ham oʻtkazildi. Tadbirda muassasaning 2022-yilgi faoliyati yakunlari xususida axborot berildi.

– Kreditlar har doim eng talabgir mahsulot, shu bois har yili bank resurs bazasini shakllantirish ishlari faol olib boriladi, – deydi Bank xizmatlari ofisi boshqaruvchisi Farhod Hamidov. – Xususan, 2022-yilda aholi va bank mijozlari boʻlmish xoʻjalik subyektlari (shu jumladan, ularning ishchi-xizmatchilari) oʻrtasida depozitlarni keng targʻib etish natijasida ulardan jalb qilingan omonatlar qoldigʻi 300 mlrd. 200 mln. soʻmga yetdi. Bundan tashqari, mijozlarga xalqaro kredit liniyalar hisobidan ham kredit mablagʻlari ajratildi. Buning hisobiga kredit qoʻyilmalar qoldigʻi 2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 1,8 trln. soʻmni tashkil etdi.

Hisobot davrida yuridik shaxs maqomidagi mijozlar tomonidan aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadida ajratilayotgan, aholidan esa, ipoteka kreditlariga qiziqish ortgan.

Bank Axborot xizmati

 





Boshqa yangiliklar

03/28/2024 06:10:14 pm
Obod yurtning obod banklari

Umumxalq hashari Oʻzsanoatqurilishbankda ham katta uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda. ...

03/28/2024 06:09:23 pm
Oʼzsanoatqurilishbankning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligi tijorat banklari orasida eng yuqori deb topildi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yil natijalari boʼyicha davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashishd ...

03/28/2024 06:08:28 pm
O’zsanoatqurilishbankda xayriya ko’rgazmasi o'tkazildi

28-mart kuni O’zsanoatqurilishbank Bosh ofisida Markaziy bank, SQB hamda “Sen kuchlisan” loyihasi hamkorligida onkologik ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 23.02.2023 10:22  
up