Yangiliklar

Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengashning ilk yigʻilishi oʻtkazildi


16.06.2021

Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha  kengashning ilk yigʻilishi oʻtkazildi

    15-iyun kuni Oʻzsanoatqurilishbank Boshqaruvi raisi, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi rahbarligida Kengashning birinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Videokonferens aloqa shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzsanoatqurilishbank,     

    “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi masʼullari ishtirok etdi.

    Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida joriy yil 30-aprel kuni hududlarda qurilish materiallari va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar hamda davlatimiz rahbarining shu yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 
    Taʼkidlanganidek, hududlarda mavjud sanoat salohiyatidan, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda noruda minerallarning xom ashyo bazasini oʻzlashtirish imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilmayapti. Xususan, keramzit, silikat qumi, shisha xom ashyosi, qurilish va qoplama toshlarga ega oʻrganilgan konlarning yarmidan koʻpi oʻzlashtirilmay qolmoqda. Natijada, sanitariya-texnik vositalar boʻyicha mahalliy ishlab chiqarish ichki bozorning faqatgina 40 foizini, gazbeton bloklar – 51 foizini, lok-boʻyoq mahsulotlari – 65 foizini, qurilish oynalari – 70 foizini, devor gulqogʻozlari – 30 foizini tashkil etmoqda.
    Yigʻilishda Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengashning tashkil etilishi sohaga aloqador barcha masʼul muassasalar va tadbirkorlar bilan birgalikda qurilish industriyasini tizimli rivojlantirishni taʼminlash orqali mamlakatimizdagi tabiiy xom ashyo bazasidan qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan zanjirni yaratish ekani alohida qayd etildi.
Bugungi kunda Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda sohani jadal rivojlantirish borasida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, Bankda sohani rivojlantirish maqsadida maxsus departament va uning barcha hududiy mintaqaviy filiallarida sohaga oid biznes loyihalarni ishlab chiqish, tadbirkorlarga amaliy yordam koʻrsatish hamda mahalliy hokimliklar bilan uzviy bogʻliqlikni tashkil qilish uchun markazlar tashkil etildi.
    Markazlarga iqtisodchi, noruda foydali qazilma konlari geologi, qurilish materiallari sanoati muhandis-texnologi, qurilish materiallari ishlab chiqarishni loyihalashtirish menejerlari kabi mutaxassislar ishga jalb qilindi. 
Markazlarda hududlardagi foydali qazilma konlari, bozor konyukturasi, zarur asbob uskunalar, tashkil etiladigan oʻquv kurslari boʻyicha maʼlumotlar hamda tadbirkorlik subyektlariga loyihalar, biznes rejalar, loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda koʻmak berib kelinmoqda.
    Bundan tashqari, xalqaro “BCG” kompaniyasi ekspertlarini jalb etgan holda  “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda sohada faoliyat olib borayotgan yirik korxonalarning mavjud muammolari va ularni yechish boʻyicha dastlabki ishlar boshlandi.
    Jumladan, xalqaro ekspertlar koʻmagida 2022-2026-yillarda mahalliy sanoat tarmoqlarini jadal rivojlantirish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash boʻyicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Tadbirkorlar bilan muloqot qilish, ularning takliflarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Bank Boshqaruvi aʼzolari va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi masʼullaridan iborat ishchi guruh tashkil etilib, bugungi kunga qadar shakllantirilgan umumiy qiymati 5,25 mlrd. dollarlik 1 019 ta loyihani hamda yangi istiqbolli loyihalarni aniqlash boʻyicha hududlarda oʻrganishlar oʻtkazilmoqda.
    Shuningdek, 24 ta ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlar hududlarida qurilish materiallari klasterlarini tashkil etish, jumladan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida maxsus industrial zonalarni tashkil etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
    “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda ixtisoslashtirilgan tuman va shaharlarda qiymati 1,7 mlrd. dollarlik 212 ta loyiha shakllantirildi. Loyihalar amalga oshirilish natijasida 11 763 ta ishchi oʻrinlari yaratiladi. 
    Sohadagi 500 mln. dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish maqsadida Bank tomonidan 300 mln. dollar miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish borasida ishlar olib borilmoqda.
    Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan masʼullarning axboroti tinglandi. Kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
    Maʼlumot uchun. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi huzuridagi Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan boʻlib, Kengashga Oʻzsanoatqurilishbank Boshqaruvi raisi rahbarlik qiladi.

  Bank Axborot xizmati




Boshqa yangiliklar

04/22/2024 03:19:37 pm
Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi

Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi   Joriy yilnin ...

04/18/2024 05:59:48 pm
O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston bazalt mahsulotlarini dunyoga tanitishda faol ishtirok etmoqda

          Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qu ...

04/17/2024 03:17:48 pm
“Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank reytingini tasdiqladi: istiqboli “Barqaror”

Xalqaro yetakchi reyting kompaniyalardan biri – “Fitch Ratings” O‘zsanoatqurilishbank kredit reytingi mamlakatning “BB-” ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 16.06.2021 14:13  
up