
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal instituti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti talabalari uchun ana shu mavzuda ochiq darslar tashkil etildi. Ushbu sessiyalar talabalarni bank faoliyati bilan tanishtirish hamda kadrlar zaxirasiga iqtidorli yoshlarni jalb qilish maqsadida o‘tkazildi.
Har bir ochiq dars bank faoliyati taqdimoti bilan boshlandi. Unda talaba-yoshlarga mamlakatning yirik moliyaviy institutlaridan biri bo‘lgan O‘zsanoatqurilishbankning 100 yildan oshiq tarixiy tajribasi hamda bugungi kundagi raqamli transformatsiya jarayonlari haqida keng va atroflicha tushuncha berildi.

Shundan so‘ng bank sektorida risklarni boshqarishning zamonaviy usullariga bag‘ishlangan mashg‘ulot o‘tkazildi. Unda risklar tushunchasi va tasnifi, miqdoriy va sifatli baholash usullari, risklarni boshqarishning evolyutsiyasi, raqamli transformatsiya sharoitida prognozlash va tahlil masalalari muhokama qilindi. Asosiy urg‘u bankning strategiyasining muhim qismi bo‘lgan operatsion risklarni boshqarishga qaratildi.
Yuqori darajadagi mavhumlik va texnologik yutuqlar sharoitida moliya sektori faqatgina moslashish emas, balki tendensiyalarni oldindan ko‘rishi zarurligi qayd etildi. Risklarni boshqarish – bu beqarorlikni yangi imkoniyatlarga aylantirish san’ati, deya ta’kidlandi.

– Zamonaviy biznes – bu faqat raqamlar va jarayonlardan iborat emas, balki yangi g‘oyalar, texnologiyalar va iste’dodlar ekotizimi hamdir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Risk bosh direktori Salavat Ismagilov. – Shu bois bank tizimida Data Science, mashina o‘qitish (ML), sun’iy intellekt (AI) va boshqa ilg‘or raqamli texnologiyalar bilan bir qatorda iqtidorli yoshlarni ham qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Zero, yaqin istiqbolda bank rivoji an’anaviy IT vazifalari bilan cheklanib qolmasdan, balki raqamli strategiyalar, ma’lumotlar tahlili, zamonaviy matematik yondashuvlar va algoritmlar orqali risklarni boshqarishni o‘z ichiga oladi.
Shu maqsadda bank tizimida “Innovatsion Hub” va iqtidorlarni rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlarining 3-4-bosqich talabalari amaliyot o‘tashi, ishlashi hamda qator yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirishi mumkin bo‘ladi.

Ochiq dars yakunida yetakchi universitetlar bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bankda yuzdan ziyod talabalarning amaliyot o‘tashini ta’minlash hamda ularni bozorning haqiqiy chaqiriqlariga tayyorlash uchun yangi ma’ruzalar, mahorat darslari va amaliy seminarlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Bank axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmati tomonidan Samarqand viloyatida tadbirkorlar bil ...
“O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) Belgradda o‘tkazilayotgan AI Tech Summit 2026 ...
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB Korporativ markazi xodimlari tomonidan “Perfect-University” MChJ oliy ta’lim muassasa ...

