Xalqaro kapital – milliy taraqqiyot omili: SQB tajribasi va natijalari
12.06.2026 13:29
Joriy yilning 12-iyun kuni O‘zsanoatqurilishbank (SQB) Bosh ofisida “Xalqaro kapitalni jalb qilish va milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda SQB tajribasi” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish va kapital bozorini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz shu yil 9-iyun kuni navbatdagi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish chog‘ida xorijiy investitsiyalar iqtisodiyotni modernizatsiya qilishning muhim omili ekanini ta’kidladi. O‘zsanoatqurilishbank ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni xalqaro moliyaviy hamkorlik va investitsiya loyihalari orqali amalga oshirmoqda.
Anjumanda bank rahbariyati tomonidan so‘nggi yillarda erishilgan natijalar, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik istiqbollari hamda joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bankda amalga oshirilgan transformatsiya jarayonlari xalqaro moliya bozorlaridagi pozitsiyalarni mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qildi. Bu bankning asosiy moliyaviy ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topdi.
Xususan, 2025-yilda SQB aktivlari hajmi 102 trln so‘m, kapitali 12 trln so‘m, depozit bazasi 31,5 trln so‘m, shundan aholi omonatlari hajmi 10,5 trln so‘mni tashkil etdi. Sof foyda 2025-yil yakuniga ko‘ra 1,9 trln so‘m bo‘lib, bank mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha tijorat banklari orasida yetakchi o‘rinni egalladi. Iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sohasiga 26,7 trln so‘m miqdorida kredit ajratilib, 120 mingdan ziyod ish o‘rni yaratildi.
Xalqaro hamkorlikning amaliy natijalari
2025-yil davomida xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklardan jami 932,3 mln dollarlik resurs jalb qilindi. Ularning asosiy qismi Yevropa va Arab davlatlari, AQSH, Yaqin Sharq hamda Buyuk Britaniya ulushiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili beshta yangi moliya tashkiloti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ular orqali 160 mln dollar miqdorida mablag‘lar iqtisodiyotga yo‘naltirildi.
– Bank xorijiy yetakchi moliya institutlari, eksport-kredit agentliklari va kapital bozori resurslarini qamrab olgan diversifikatsiyalangan moliyalashtirish portfelini shakllantirdi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Abdurashid Hakimov. – Bu uzoq muddatli va barqaror resurs bazasini yaratish imkonini bermoqda. Jalb qilingan mablag‘lar hisobidan korporativ, o‘rta, kichik va mikrobiznes segmentlarida 1400 ga yaqin loyihalar moliyalashtirildi. Mazkur resurslar yuqori qo‘shilgan qiymat yaratuvchi tarmoqlar, eksportbop ishlab chiqarish, energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, infratuzilma hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda.
Ana shunday yirik loyihalar qatorida “Rubicon Wireless Communication” korxonasining respublika bo‘ylab 5G Stand Alone aloqa infratuzilmasini rivojlantirish tashabbusi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ uchun 200 ta katta sig‘imli elektrobus va quvvatlash uskunalari xaridi o‘rin olgan. Mazkur loyihalar mamlakatning raqamli va transport infratuzilmasini yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
London fond birjasidagi muvaffaqiyat
2024-yil iyulida SQB London fond birjasida 580 mln dollar ekvivalentidagi yevroobligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Qimmatli qog‘ozlarni jahonning 69 ta yirik fondi va investitsiya kompaniyasi xarid qildi, mablag‘larning 55 foizi AQSH investorlar hissasiga to‘g‘ri keldi.
2025-yil oktabrida esa bank London fond birjasida 300 mln dollarlik birinchi darajali qo‘shimcha kapital – AT1 obligatsiyalarini muomalaga chiqardi. Investorlar talabi emissiya hajmidan to‘rt barobar ziyod bo‘ldi. Ushbu bitim “GlobalCapital” nashrining “Central and Eastern Europe Deal of the Year” mukofoti bilan e’tirof etildi.
SQBning jahon moliya bozorlaridagi faoliyati va moliyaviy ko‘rsatkichlari xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, “Fitch Ratings” bank reytingini BB- darajasidan BB (barqaror) darajaga ko‘tardi. “Moody’s” agentligi esa bankning Ba3 (ijobiy prognoz) reytingini tasdiqladi.
2026-yil: reja va istiqbol
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, 2026-yilda SQB tomonidan 1,2 mlrd dollardan ziyod miqdorda xorijiy resurslarni jalb qilish rejalashtirilgan. Joriy yilning 1-iyun holatiga ko‘ra, 313 mln dollarlik kredit liniyalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga 530 dan ortiq loyihalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi.
Shu yil may oyida Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalari IPO orqali London va Toshkent fond birjasida ommaviy savdoga chiqarildi. Jamg‘arma aktivlari tarkibiga SQBning 40 foizlik ulushi kiritilishi esa bankni xususiylashtirishga tayyorlash va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim qadam sifatida baholandi.
Anjumanda bank xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, investorlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, resurs manbalarini diversifikatsiya qilish hamda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyalashtirish bo‘yicha ishlarni kelgusida ham faol davom ettirishi ta’kidlandi.

29
Boshqa yangiliklar