Yana bir yirik avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi


02.12.2024 18:23

O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida “ARTON” kompaniyasining Andijon viloyatida ham yangi zavodi qurilishiga start berildi. Avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarishga qaratilgan loyiha “sanoat ipotekasi” dasturi asosida moliyalashtirilmoqda.

Joriy yilning 23-sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida sohada yangi tizim va tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanib talabgir qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Andijon viloyatida avtoklavlangan gazbeton ishlab chiqarish loyihasi shular sirasiga kiradi.

Umumiy hajmi 20 mln. AQSH dollarga teng bo‘lgan loyiha O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “sanoat ipotekasi” dasturi asosida moliyalashtirilmoqda. Jumladan, unga O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzuridagi Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari ham jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Zavodga Germaniyaning “Wehrhahn GmbH” kompaniyasiga tegishli zamonaviy energiya tejovchi uskunalar keltirib o‘rnatiladi. Uning ishga tushirilishi bilan mahalliy aholi uchun 200 dan ortiq ish o‘rni yaratilib, yiliga 500 ming kub metr mahsulot ishlab chiqarishga erishiladi. Zavodning qulay hududda joylashuvi esa, mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga ham eksport qilish imkonini beradi.

E’tiborli jihati, mahsulotlar ishlab chiqarishda to‘liq mahalliy xom ashyodan foydalaniladi. Kvars qumi, ohak, gips, sement shular jumlasidandir.

Qayd etish joiz, avtoklavlangan gazobeton zamonaviy qurilishda muhim vositalardan biri bo‘lib, u bino va inshootlar qurilishidagi sarf-xarajatni kamaytirish, qurilish ishlari tezligi va sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu mahsulot qishda issiq, yozda esa salqin haroratni saqlash xususiyatiga egaligi bois elektr energiyasi sarfini 20 foizgacha tejaydi.

 

Bank Axborot xizmati





Boshqa yangiliklar

10/23/2026 06:00:48 pm
SQB o‘zbek tili uchun yirik ochiq matnlar bazasi — UzLPCloyihasini taqdim etdi

Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar hayotimizga jadalkirib kelayotgan davrda, aqlli dasturlarning o‘zbek t ...

10/22/2026 10:44:22 am
Serjiu Choklya “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi etib saylandi

2026-yil 5-oktyabrda “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) aksiyadorlari tomonidan Kuzatuv kengashining mus ...


Oxirgi yangilanish sanasi: 02.12.2024 18:23  
up